Usik mutlaq jahon chempioniga aylandi (video)

Sport

image

Kecha, 19 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda o‘tkazilgan zamonaviy boks tarixidagi eng muhim janglardan birida ukrainalik bokschi Aleksandr Usik britaniyalik Tayson Fyurini mag‘lub etdi.

Ilgari mag‘lub bo‘lmagan Fyurini mag‘lub etib, Usik og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi – oxirgi marta bu unvonni 1999 yilda Lennoks Lyuis egallagan. Shu tariqa, ukrainalik bokschi to‘rtta boks tashkiloti – WBA, WBO, IBF va WBC bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.

Jang 12 raund davom etdi. Jang davomida tashabbus yo Fyuriga, yo Usikka o‘tdi, ammo 9-raund yakunida ukrainalik bokschi britaniyalikni nokdounga tushirdi.

Jangda Aleksandr Usik hakamlar qarori bilan g‘alaba qozondi.

"Bu men uchun, oilam uchun, vatanim uchun ajoyib imkoniyat", dedi Usik o‘zining g‘alabasini e’lon qilgach.

U revansh jangiga ham tayyor ekanini qo‘shimcha qildi. Usik shu kungacha boks ringida mag‘lubiyatsiz qolmoqda.

O‘z navbatida, Tayson Fyuri Usik bilan jangni “fantastik” deb atadi, biroq ayni paytda hakamlar qaroriga rozi emasligini bildirdi.

"Men bu jangda g‘alaba qozondim deb o‘ylayman, u bir necha raundda g‘alaba qozondi, lekin raundlarning aksariyatida men g‘alaba qozonganman", deydi Fyuri.

Fyurining so‘zlariga ko‘ra, odamlar urushayotgan mamlakatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ukrainaning “Tribuna” sport nashri bosh muharriri Oleg Sherbakov ukrainalik bokschini “haqiqiy xalq himoyachisi”, deb atadi. Sherbakovning so‘zlariga ko‘ra, Usik "front chizig‘dan bir kilometr uzoqlikda" ukrainalik askarlar bilan uchrashgan va ularga sovg‘alar bergan. Aprel oyida bokschi uyidan ayrilgan ukrainaliklarga yordam berish, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Usik” jamg‘armasiga asos solgan.


Maqola muallifi

Teglar

Usik Fyuri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing