Urushning bir yilligida Zelenskiy yana xalqqa murojaat qildi
Olam
−
24 fevral 2023
8716Bugun, 24 fevral kuni Ukrainadagi urushning bir yilligi munosabati bilan mamlakat rahbari Vladimir Zelenskiy o‘z xalqiga murojaat yo‘lladi. Uning murojaati videosi Prezidentning rasmiy vebsaytiga joylashtirildi.
Zelenskiy so‘zi avvalida 2022 yil aynan shu kuni xalqiga urush boshlanganini e’lon qilganini esladi. Prezident shu sana ukrainaliklar hayotida eng uzun va eng qiyin kun bo‘lgani, hamma qo‘rqib ketgan, shokka tushgan bo‘lsada, Ukraina xalqi nima qilish kerakligini his qilganini aytdi.
“Yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi, ammo ko‘plar qo‘lga qurol olish uchun yo‘l oldi. Navbatlar yuzaga keldi. Kimlardir chegarada turardi, ammo ko‘pchilik – harbiy komissariat va hududiy mudofaa qismlari uchun navbatda. Biz oq bayroq ko‘tarmadik, balki ko‘k-sariq bayroqni himoya qilishga kirishdik. Qo‘rqib ketmadik, sinib qolmadik, taslim bo‘lmadik”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u bir yil mobaynida dushman bilan samarali kurashilgani, Rossiyaga yengilmagani va bu yil Ukraina uchun g‘alaba yili bo‘lishini aytdi.
“Bu barqarorlik yili bo‘ldi. Loqayd bo‘lmaslik yili. Mardonavorlik yili. Og‘riqlar yili. Umidlar yili. Bardosh yili. Birdamlik yili. Uning asosiy natijasi – biz bardosh berdik. Biz mag‘lub bo‘lmadik. Va bu yilda g‘alaba qozonish uchun barcha ishni qilamiz!” deydi u.
Bundan tashqari, Ukraina yetakchisi, Rossiya tomonidan egallangan hududlardagi ukrainlarga yuzlanib, qanday qilib bo‘lmasin barcha yerlarni ozod qilinishini, Ukrainani o‘z holiga qaytarishini aytdi.
“Vaqtincha okkupatsiya ostida bo‘lib turgan fuqarolarimizga: Ukraina sizlarni tashlab qo‘ymagan, sizni unutmagan, sizdan voz kechmagan. Qanday qilib bo‘lsa ham biz barcha yerlarimizni ozod qilamiz. Ukraina qaytishi uchun barcha ishni qilamiz. Va hozirda xorijga ketishga majbur bo‘lganlar: siz Ukrainaga qaytishingiz uchun barcha ishni qilamiz”, deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 21 fevral kuni Federal Majlisga yo‘llagan murojaatida hozirda G‘arb tomonidan “antiRossiya” yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bugungi kunda Ukraina deb ataladigan tarixiy hududlarni Rossiyadan tortib olishga qaratilganini aytgandi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi