Urushlarga sarflangan pullar bunyodkorlikka yo‘naltirilishi kerak – Japarov 

Olam

image

Yetakchi davlatlar qurolli kuchlarni yaratish va rivojlantirish, ularning arsenallarini ko‘paytirish va yangi, yanada buzg‘unchi qurol turlarini ishlab chiqish uchun katta miqdordagi mablag‘ni yo‘naltirmoqda. Bu ko‘plab davlatlar va xalqlar haligacha asosiy xizmatlar – suv, tibbiy yordam, ta’limdan foydalanish imkoniga ega bo‘lmagan dunyoda sodir bo‘lmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kecha, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi umumiy muhokamasida aytib o‘tdi.

U Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti ma’lumotlariga iqtibos keltirgan holda, jahon harbiy xarajatlari 2023 yilda 6,8 foizga oshib, rekord darajadagi 2,5 trillion dollarni yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 2,3 foizini tashkil qilganini ko‘rsatdi.

“Shu bilan birga, urushlar va qurolli mojarolar qashshoqlik va tengsizlikni yanada kuchaytiradi. Urush, vayronagarchilik, o‘limga yo‘naltirilgan pul butun insoniyat uchun global muammolarni hal qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mamlakatlarga yordam berish, ommaviy ko‘chish va global migratsiyaning oldini olish uchun ishlatilishiga ishonch hosil qilishimiz kerak”, deydi Japarov.

Qirg‘iziston Prezidenti mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlik o‘sishda davom etayotganini ta’kidladi.

"Jahon yetakchilari o‘nlab yillar davomida qashshoqlikka barham berish zarurligi haqida gapirib keladi, lekin har safar bunga irodalari yetishmaydi. Afrika, Janubiy Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlari doimiy moliyalashtirish va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaslikka duch kelishda davom etmoqda", deydi u.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, “iqtisodiy piramidaning pastki qismida joylashgan” mamlakatlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohalariga sarmoya kiritishga muhtoj.

“Dunyo muhim tanlov oldida turibdi. Biz qurol ishlab chiqarishni davom ettirishimiz, harbiy kuchlar orqali xavfsizlikni ta’minlashimiz yoki qashshoqlikni bartaraf etish va eng zaif odamlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan barqaror rivojlanish yo‘lini tanlashimiz mumkin", deydi Japarov.

U rivojlangan davlatlarni qashshoq mamlakatlarga moliyaviy yordamni ko‘paytirishga, uni infratuzilma loyihalari va ijtimoiy rivojlanishga yo‘naltirishga hamda o‘z iqtisodiyotlarini mustaqil ravishda rivojlantirish va tashqi yordamga qaramlikni kamaytirish uchun zarur texnologiyalarni zaif davlatlarga o‘tkazishga chaqirdi.

“Qashshoq davlatlar, o‘z navbatida, barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarda faolroq ishtirok etishi, taqdim etilayotgan resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi zarur”, dedi Prezident.

Shuningdek, Japarov sayyoraga tahdid solayotgan eng xavfli muammolardan biri iqlim o‘zgarishi haqida ham so‘z ochdi. 

"Qirg‘iziston uch tomonlama muammoga duch kelmoqda: taraqqiyotga sarmoya kiritish, qashshoqlikni kamaytirish va uglerod neytralligiga erishish uchun iqlim o‘zgarishiga moslashish Ushbu sohalarning har biri, ayniqsa, mamlakatimiz va zaif jamoalar uchun iqlim barqarorligini ta’minlash kontekstida alohida moliyalashtirishni talab qiladi. Va biz sheriklarimiz bilan hamkorlikda muvaffaqiyatga erishishga qaror qildik", deya qo‘shimcha qildi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston o‘zining milliy siyosatini amalga oshirishda iqlim masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda va 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish rejalarini amalga oshirmoqda.

"Energiyamizning 95 foizdan ortig‘i asosan gidroenergetika hisobiga ishlab chiqariladi, bu esa nol emissiya maqsadiga erishish yo‘lidagi asosiy omil hisoblanadi", dedi Japarov.

Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston Issiqko‘l qirg‘og‘ida innovatsion “Asman” shahrini qurishni boshlagan, kelasi yilda esa Keminda “yashil shahar” yaratishni rejalashtirmoqda.

Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston BMT Bosh kotibining xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun qarz yukini kamaytirish zarurligi haqidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashini, bu esa iqlim o‘zgarishiga qarshi samarali kurashish imkonini berishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 22 sentyabr kuni Sadir Japarov BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashgan va unga davlat qarzini “yashil” loyihalarga almashtirishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston BMT Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing