Imomali Rahmon dunyo barqarorligiga tahdidlarni sanadi
Olam
−
25 Sentabr
5555Tojikiston rahbari Imomali Rahmon BMTning “Kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlash o‘n yilligi” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif qildi va mojarolarni hal qilishda BMTning asosiy rolini kuchaytirishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida so‘z ochdi.
“Tojikiston har doim mojarolarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etish tarafdori”, deydi Imomali Rahmon.
Uning ta’kidlashicha, qarama-qarshi geosiyosiy jarayonlar, tezkor qayta qurollanish, sovuq urushning avj olishi va qurolli mojarolar xavfsizlik va barqarorlikka uzoq muddatli tahdidlarni keltirib chiqaradi.
“Xalqaro hamjamiyatning xavfsizlik, barqaror rivojlanish va mustahkam tinchlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur. Tinch hayot va taraqqiyotga erishish imkoniyati o‘zaro tushunish va konstruktiv hamkorlik asosida yaratiladi”, dedi u.
Falastin va Afg‘oniston haqida
Shu munosabat bilan Imomali Rahmon Falastin inqiroziga ham to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, ushbu mintaqadagi fojiali vaziyat mojaroning harbiy yechimi yo‘qligini tasdiqlaydi.
“Tojikiston 1967 yilgi chegaralar asosida mustaqil Falastin davlatini yaratish bo‘yicha BMT qarorlarini amalga oshirish orqaligina yakuniy yechim topish mumkin, deb hisoblaydi”, dedi Prezident.
Rahmon nizolashayotgan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari yo‘lida qadam tashlashiga, xalqaro hamjamiyat Falastinda barqarorlikni tiklash uchun samarali choralar ko‘rishiga umid bildirdi.
Prezident Afg‘onistonda barqarorlik zarurligiga ham e’tibor qaratdi.
“Bu maqsadda Tojikiston Afg‘onistondagi tinch hayotning turli jabhalarini qayta tiklash va rivojlantirishga hissa qo‘shishga doimo tayyor. Shu bilan birga, ushbu mamlakatda insonparvarlik inqirozining oldini olish maqsadida yana bir bor xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonning uzoq azob chekayotgan xalqiga, jumladan, tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan hududlarga yordam ko‘rsatish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirishga yana bir bor chaqiraman”, deydi Imomali Rahmon.
Iqlim ta’siri haqida
Shuningdek, u barqaror rivojlanishni moliyalashtirish muhimligini ta’kidlab, hozirgi iqtisodiy va moliyaviy inqirozlar, xavfsizlikning beqarorligi va iqlim o‘zgarishi oqibatlari bunga to‘sqinlik qilayotganini aytdi.
"93% tog‘li hududda joylashgan Tojikiston iqlim o‘zgarishiga moyil bo‘lib, muntazam ravishda tabiiy ofatlar bilan yuzma-yuz bo‘lib turadi, bu esa iqtisodiy zarar va insonlar halok bo‘lishiga olib keladi. Muzliklarning tez erishi va daryo suvlari hajmining kamayishi energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tojikistondagi 14 ming muzlikdan mingdan ortig‘i allaqachon to‘liq erib ketgan, yog‘ingarchilik va muzliklar Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizini tashkil qiladi”, dedi Tojikiston yetakchisi.
Imomali Rahmon 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligini ta’kidlab, 2025 yilda Ispaniyada bo‘lib o‘tadigan “Taraqqiyotni moliyalashtirish bo‘yicha to‘rtinchi xalqaro konferensiya” muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, xalqaro moliya-iqtisodiy tizim rivojlanayotgan mamlakatlar ehtiyojlarini qondirishi kerak.
U BMTning 2028 yilgi suv konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun “Dushanbe suv jarayoni” natijalaridan foydalanishni, 2025 yilni Xalqaro muzliklarni saqlash yili deb e’lon qilishni taklif qildi, shuningdek, jahon hamjamiyatini iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va muzliklarni saqlash bo‘yicha birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
Sun’iy intellekt haqida
Prezident Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning ahamiyati haqida ham gapirdi.
"Tojikiston raqamlashtirishga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha strategiya va boshqa konseptual hujjatlarni qabul qilib, zarur choralarni ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasida Markaziy Osiyoda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirishda sun’iy intellektning o‘rni to‘g‘risida maxsus rezolyutsiya qabul qilishni taklif qilaman", dedi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi umumiy siyosiy muhokamada so‘zga chiqqan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish agar yangi texnologiyani boshqarishga global yondashuv bo‘lmasa, sun’iy intellekt dunyoni ikki lagerga bo‘lishi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi