Qirg‘iziston ham fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi 

Olam

image

Qirg‘iziston Isroil va Livan chegarasidagi murakkab va keskin vaziyat tufayli o‘z fuqarolarini ushbu mamlakatlarga bormaslikka chaqirdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

TIV bayonotida Isroil va Livanda bo‘lgan Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolari o‘zlarining xavfsizlik choralarini kuchaytirishlari, shuningdek, iloji bo‘lsa, mintaqadagi vaziyat barqarorlashguncha yuqoridagi davlatlarni tark etishlari zarurligi keltirilgan.

Favqulodda aloqa uchun Qirg‘izistonning Quvaytdagi elchixonasi (+96525359951), Turkiyadagi elchixonasi (+905456896800), Tashqi ishlar vazirligining Konsullik departamentiga (+996 999312002) bog‘lanish so‘ralgan.

Ma’lumot uchun, Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi ziddiyatning yangi bosqichi Livanda 17 va 18 sentyabr kunlari bir qator aloqa qurilmalari portlashidan so‘ng boshlandi. Livan harakati portlashlarni uyushtirganlikda Isroilni aybladi, uning rasmiylari voqea haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi, biroq shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi.

Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi chegara hududlariga katta zarbalar berishni boshladi va bu zarbalar hali ham to‘xtamadi. Minglab tinch aholi Isroil hujumidan qochish uchun o‘z uyini tashlab Suriya tomon yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ham ogohlantirish bilan chiqqan edi. Elchixona Isroilda O‘zbekiston fuqarolariga xavfsizlik choralarini ko‘rish va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikni tavsiya qilgandi. Diplomatik missiya Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borishni, Isroil frontorti qo‘mondonligidan bildirishnomalar va ogohlantirishlar (Home Front Command) mobil ilovasi yoki veb-sayti havolasini telefonga o‘rnatishni tavsiya qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing