Isroildagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
Olam
−
25 Sentabr
6081Isroil davlatida O‘zbekiston fuqarolariga xavfsizlik choralarini ko‘rish va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslik tavsiya etildi. Bu haqda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi xabar berdi.
“Hozirgi paytda mamlakatning shimoliy hududlarida murakkab vaziyat vujudga kelayotganligini e’tiborga olib o‘zingizning shaxsiy xavfsizlik choralarini ko‘rishingizni va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikni tavsiya etamiz”, deyiladi elchixona xabarida.
Shuningdek, diplomatik missiya Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borishni, Isroil frontorti qo‘mondonligidan bildirishnomalar va ogohlantirishlar (Home Front Command) mobil ilovasi yoki veb-sayti havolasini telefonga o‘rnatishni tavsiya qilgan.
“Zaruriyatsiz ko‘chaga va boshqa ko‘ngilochar muassasalarga tashrif buyurmang. Iltimos, o‘z hayotingizni ehtiyot qiling!!!
Elchixona konsullik bo‘limi ishonch telefonlari: 03-672-2466; 03-672-2371; 03-758-5075; 03-758-5076
Favqulodda holatlarda va shoshilinch xabarlar uchun: +972 54 485 1397”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Isroil va “Hizbulloh” harakati o‘rtasidagi ziddiyatning yangi bosqichi Livanda 17 va 18 sentyabr kunlari bir qator aloqa qurilmalari portlashidan so‘ng boshlandi. Livan harakati portlashlarni uyushtirganlikda Isroilni aybladi, uning rasmiylari voqea haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh bermadi, biroq shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng Isroil harbiy-havo kuchlari Livan janubidagi chegara hududlariga katta zarbalar berishni boshladi va bu zarbalar hali ham to‘xtamadi. Minglab tinch aholi Isroil hujumidan qochish uchun o‘z uyini tashlab Suriya tomon yo‘l olgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Iroq hukumati livanliklar uchun bepul viza joriy qilgandi. Suriyada esa Livandan borganlarga ko‘maklashish uchun shifoxonalar 24 soatlik rejimga o‘tkazildi.
LiveBarchasi