Erdo‘g‘an: “G‘azo – dunyoning eng katta ayollar va bolalar qabristoni”
Olam
−
25 Sentabr
1878G‘azoda 353 kundan buyon davom etayotgan qirg‘in oqibatida 41 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 10 mingdan ortiq falastinlik bedarak ketdi, 100 mingga yaqin odam jarohat oldi. Bu raqamlarni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shu kunlarda bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 79-sessiyasidagi nutqida keltirdi.
Uning qayd etishicha, og‘ir sharoitlarda o‘z burchini ado etayotgan 172 jurnalist ham Isroilning qirg‘ini qurboni bo‘lgan. Boshqalarning hayotini saqlab qolishga mas’ul bo‘lgan 500 nafar sog‘liqni saqlash xodimi, hatto, o‘z hayotini ham muhofaza qilolmagan.
“Ochlik va tashnalik bilan kurashayotgan G‘azo xalqiga yordamga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 210 dan ortiq xodimi va insonparvarlik yordami xodimlari halok bo‘ldi. Isroil kuchlari 820 ta masjid va uchta cherkovga zarba berdi, ularga hatto urushda ham tegmaslik kerak. Ular o‘nlab shifoxonalar, yuzlab maktablar va bemorlarni olib ketayotgan 130 dan ortiq tez yordam mashinalariga zarba berdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomini BMT minbarida yirtib tashlash orqali uyalmay, butun dunyoga va barcha vijdon egalariga qarshi chiqdilar”, deydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, Isroilning konslagerga aylantirilgan qamoqxonalaridan sizdirilgan tasvirlar dunyo qanday zulmga duchor bo‘layotganini ochiq ko‘rsatganini aytdi. U G‘azoni dunyoning eng katta ayollar va bolalar qabristoni deb atadi.
“17 mingdan ortiq bola Isroilning o‘qlari va bombalari nishoniga aylandi. Hind Rajap endigina olti yoshda edi. Ular qarindoshlari bilan xavfsiz joy qidirayotganlarida, mashinasi Isroil kuchlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Tog‘asi, yangasi, jiyanlari, hamma vafot etdi, faqat o‘zi tirik qoldi.
U 12 kun davomida chorasizlikda qutqarilishini kutdi. “Meni olib ketasizmi? Qo‘rqyapman!” deya yordam qo‘li uzatilishini kutdi. Dunyomiz erishgan daraja, qo‘l ostimizdagi texnologiyalarga qaramay, minglab xodimlarni ish bilan ta’minlagan byudjet tashkilotlari, 8 milliard kishilik insoniy oila o‘laroq ko‘z o‘ngimizda kurashayotgan yarador chumchuq yanglig‘ 6 yashar qizaloqni, afsuski, saqlab qola olmadik”, deydi Prezident.
U yuzlab g‘azolik bolalarning bir luqma quruq non, bir qultum suv, bir kosa sho‘rva topa olmagani uchun o‘lganini va hali ham o‘lishda davom etayotganini aytdi. Uning alohida urg‘ulashicha, G‘azoda nafaqat bolalar, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimi, haqiqat, G‘arb himoya qilmoqchi bo‘lgan qadriyatlar, insoniyatning yanada adolatli dunyoda yashash umidlari birin-ketin o‘lib bormoqda.
LiveBarchasi