Yangi Suriyada terror tashkilotlariga joy yo‘q – Erdo‘g‘an
Olam
−
08 yanvar
2730Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Iroq Kurd mintaqaviy boshqaruvi (KRAI) Bosh vaziri Masrur Barzoniyni qabul qildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Erdo‘g‘an va Barzoniy avvaliga yakkama-yakka uchrashuv o‘tkazgan, so‘ngra kengaytirilgan delegatsiyalar formatida muzokaralar bo‘lib o‘tgan.
Prezident mintaqa barqarorligi va farovonligini oshiradigan loyihalarni, ayniqsa, “Taraqqiyot yo‘li” loyihasini amalga oshirish zarurligini ta’kidlagan.
Uchrashuvda Turkiyaning o‘lka bilan aloqalari va mintaqaviy masalalar muhokama qilingan. Prezident Erdo‘g‘an Suriyadagi voqealarni hisobga olib, Turkiyaning Iroq barqarorligi va xavfsizligini saqlashga katta ahamiyat berishini va Suriyadagi voqealar mintaqada yangi beqarorlikka olib kelmasligini ta’minlashga harakat qilishini aytgan.
Turkiya davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi Suriyada terrorchi tashkilotlar va ularga aloqador unsurlarga joy yo‘q.
“Taraqqiyot yo‘li” loyihasi
Taraqqiyot yo‘li loyihasi Turkiyani 1200 kilometrlik temiryo‘l va avtomobil yo‘li bilan Fors ko‘rfazidagi Fav portiga bog‘laydi. Yangi Ipak yo‘li sifatida belgilangan loyiha Yevropadan Fors ko‘rfazi mamlakatlarigacha bo‘lgan keng hududga ta’sir qiladi va umumiy foyda keltiradi. Pekindan Londongacha cho‘zilgan bu yo‘nalish har yili 600 milliard dollardan ortiq savdo aylanmasining markazida bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Iroq Kurd mintaqaviy boshqaruvi (KRAI) – Iroqning janubiy qismida joylashgan va kurdlar tomonidan boshqariladigan mintaqaviy hukumatdir. U 2005 yilda Iroqning Konstitutsiyasi asosida tashkil topgan. KRAI o‘zining iqtisodiy va siyosiy mustaqilligi, shuningdek, o‘z parlamenti va boshqaruv tizimiga ega. Mintaqa ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan mustahkam rivojlanishga intiladi. Biroq boshqaruv va xavfsizlikni ta’minlashda ko‘plab muammolar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya va Iordaniya Suriyada inklyuziv hukumat yaratish va barqarorlikni ta’minlash borasida ushbu davlatni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgandi. Poytaxt Anqarada 3+3 formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda as-Safadiy boshchiligidagi Iordaniya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Gyuler va Razvedka xizmati rahbari Ibrohim Qalin ham bo‘lgan.
LiveBarchasi