Putinning 1000 kunlik bosqini
Tahlil
−
19 noyabr
49492022 yil 24 fevral. Havoyi orzular, dozasi oshib ketgan motivatsiya, bir guruh safsatabozlarning stimuli va imperiyachilik sarqiti bilan qurollangan Putin Ukraina hududiga bostirib kirdi. Bundan 300 yil oldin tamal toshi qo‘yilgan va keyinchalik insoniyatga, xususan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropaga mislsiz kulfat keltirgan Rossiya imperiyasining asoschisi Pyotr I ga aylanish dardi bilan yashash uning ko‘p ehtimol mazkur qonli qarorga qo‘l urishiga sabab bo‘ldi. Butun boshli bir mustaqil, suveren va xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ekti bo‘lgan davlatga bema’ni asoslar, jumladan Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish kabi vajlar bilan boshlangan Putin bosqini yaqin fursatlarda 1000 kunga to‘ladi. Nega Rossiya emas, balki Putin bosqini? Juda tor doiralarda qabul qilingan qaror va o‘z qardoshi bo‘lgan boshqa bir sharqiy slavyan davlatiga bostirib kirish rus xalqining ko‘pchiligi uchun yoqimsiz bo‘lganligi bois, Ukrainadagi qirg‘inlar uchun faqat va faqat Kremlni deyarli 25 yildan buyon changallab olgan inson javobgardir. Quyida Putinning shu 1000 kunlik bosqini qancha insonning hayotiga zomin bo‘lgani, yana qanchasi mayib-majruh holga kelgani va Ukraina zaminining sharqiy qismi qanday qilib jahannamga aylantirilgani haqida so‘z yuritiladi.
Putin aslida mag‘lub bo‘ldi
2021 yil 17 dekabrda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘zining rasmiy portalida Rossiya va NATO o‘rtasidagi xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitim loyihasini e’lon qildi. Ushbu loyihada Ukraina, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda har qanday harbiy faoliyatdan voz kechish hamda NATOning sharqqa kengaymasligi va qurol-yarog‘larini joylashtirmasligini kafolatlashni talab qilgandi. Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z uslubiga ko‘ra qo‘pol tahdidona ritorika bilan NATO va AQSH Moskvaning xavfsizlik kafolatlarida keltirilgan talablarga javob bermasa, qarama-qarshilikning yangi bosqichi yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Ammo alyansning o‘sha paytdagi bosh kotibi Yens Stoltenberg bunga nisbatan o‘z munosabatini bildirar ekan, tashkilot Rossiya xavfsizligiga doir masala yuzasidan muzokaralarga doim tayyorligi, ammo Kreml Ukraina va NATO o‘rtasidagi ishga aralashmasligi lozimligini aytdi. Ko‘rinishidan ultimatumni eslatib yuboradigan Kreml takliflariga dunyoning eng qudratli harbiy ittifoqi hech qachon rozi bo‘lmasligi aniq edi. Kutilganidek, kelishuv amalga oshmadi.
2022 yilning dastlabki kunlarida G‘arb davlatlarining razvedkalari Rossiyaning ehtimoliy bosqini haqida ogohlantira boshladi. Eng yaqin muddat 16 fevral sanasi ekanligi taxmin qilinayotgandi. Bosqin sodir bo‘ldi, faqat sal kechroq. 24 fevralda Rossiya Ukraina sharqiga ma’lum maqsad va rejalar bilan qo‘shin kiritdi. Kreml bu zo‘ravonlik orqali demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish niqobi ostida katta ehtimol bilan Kiyevdagi qonuniy hokimiyatni ag‘darib, u yerda qo‘g‘irchoq hukumatni o‘tkazishni ko‘zlagandi. Bir necha yillar muqaddam Ukrainani boshqargan va Kreml ta’sirida ukrain xalqining kelajagini tortib olgan eski qo‘g‘irchoq Viktor Yanukovich startda turgan bo‘lsa ajab emas.
Shunday qilib, shu kuni NATOning sharqqa kengayish istagi va qo‘shni davlatlarning suverenitetini sariq chaqaga ham ilmaydigan, imperiyachilik tafakkuridan hali ham voz kechmagan Kreml ambitsiyalari hosilasi o‘laroq shakllangan bosqin boshlandi. Shu o‘rinda esa savol tug‘iladi. Agar Putinning Ukrainaga qilgan bosqinining bosh maqsadi uning NATOga a’zoligini butun umrga to‘xtatish bo‘lgan bo‘lsa, Rossiyaning 25 yillik o‘zgarmas rahbari NATOni o‘ziga yaqinlashtirmaslik maqsadiga erishdimi? Yo‘q, albatta. Hatto buning aksi sodir bo‘ldi. Rossiyaning agressiv harakatlari unga shimoli-g‘arb tomondan chegaradosh bo‘lgan Finlyandiya va bundan tashqari Shvetsiyani tezkor qarorlar qabul qilishga undadi. Skandinaviyaliklar Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida kuchli xavfsizlik kafolatlariga muhtoj ekanliklarini zudlik bilan angladi. Finlyandiya va Shvetsiya 2022 yilning 18 mayida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi va 5 iyul kuni bu ikki davlat tashqi ishlar vazirlari va NATOga a’zo 30 ta davlat elchilari Shimoliy Atlantika ittifoqiga qo‘shilish to‘g‘risidagi protokollarni imzoladi. Biroq ratifikatsiya jarayoni ba’zi kelishmovchiliklar tufayli biroz cho‘zilib ketdi. Ikki nomzod davlat bu borada Turkiya bilan savdolashishiga to‘g‘ri keldi. Kurdiston ishchi partiyasining terrorchi klanlari va qurol embargosi bilan bog‘liq shartlar tufayli Shvetsiya va Finlyandiya qiyin ahvolda qoldi. Ammo xavfsizlik hamisha eng ustuvor masalalardan biri ekanligi ularni bu jabhada yon berishga majbur qildi. Turkiyaning talablari birin-ketin bajarildi. Ittifoqchi davlatlar Finlyandiyaning qo‘shilish protokolini o‘zlarining milliy protseduralariga muvofiq ratifikatsiya qilishdi va finlar 2023 yil 4 aprelda NATOning 31-a’zo davlatiga aylangan bo‘lsa, Shvetsiya bu ittifoqqa 2024 yil mart oyida kirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada esa Putinning Ukrainaga qo‘shin kiritishidan faqat Turkiya yutdi.
Ammo Rossiya boshqaruvi tepasidagi Putin va uning jamoasi o‘zlari boshlagan siyosiy beqarorlikdan nima yutdi-yu, nima yutqazdi? Rossiya suv va quruqlik orqali 2295 km chegarasi bo‘lgan qo‘shnisi Ukrainaning NATO bilan integratsiyasini to‘xtatib qolmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, bu reja amalga oshmadi va aksincha, Putinning qarori juda yomon oqibatlarga olib keldi. Chunki bu bosqin NATOni Rossiya tomon yanada yaqinlashtirdi va Finlyandiyaning alyansga a’zoligi endilikda alyans va Rossiya o‘rtasida 1340 kilometrlik qo‘shimcha chegara chizig‘ini paydo qildi. NATO va Rossiyaning o‘zaro chegarasi hali bu qadar uzaymagandi. So‘nggi marotaba 2004 yilda Rossiya burnining tagiga kelgan harbiy ittifoqning mamlakat bilan oldingi 500 km chegarasi endi 1840 kilometrga yetdi. Bu esa Rossiya g‘arbiy chegaralari yuqori qismi endi to‘laqonli NATO ko‘z o‘ngida bo‘lishini anglatadi. Ukrainaga bostirib kirishning iqtisodiy oqibatlaridan ko‘ra harbiy-siyosiy oqibatlari juda og‘irroq bo‘ldi, negaki endi Rossiya dunyodagi eng qudratli harbiy-ittifoq bilan bir devorli qo‘shiniga aylandi.
Putin qurbonlari
Bosqinning dastlabki kunlarida har ikki tomon ham o‘z yo‘qotishlarini zo‘r-bazo‘r ochiqlab bordi. Ayniqsa, Ukraina Bosh prokuraturasi rus askarlari hujumida halok bo‘lgan bolalar ro‘yxatini doimiy tarzda e’lon qilib borishni kanda qilmadi. Biroq bosqin tobora cho‘zilib, oxiri ko‘rinmas holatga kelib qolgan mahalda harbiylarning o‘limi haqidagi ma’lumotlarni ochiqlash to‘xtadi. London Qirollik kollejining urush tadqiqotlari bo‘limi tadqiqotchisi Marina Miron tomonlarning bunday yo‘l tutishida bir qancha omillarni sanab o‘tdi. Uning fikricha, hukumatlar dushmanning operatsiyalari qanchalik samarali bo‘lgani haqida ma’lumot bermaslik uchun o‘z yo‘qotishlari haqida ochiq hisobot bermaydi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi paytida har bir tomon o‘z yo‘qotishlarini ikki baravar kam, dushman qurbonlarini esa ikki-uch baravar oshirgan holda hisobotlarga kiritgan. Harbiy harakatlar paytida yo‘qotishlarni ro‘yxatga olish jarayoni esa quyidagicha bo‘ladi. Bundan o‘lim holati jasad topilgandan keyingina tasdiqlanadi va mudofaa vazirligi shu orqali oilaga o‘lim haqida xabar yuboradi. Ammo ko‘plab jasadlar topilmasa, ular bedarak yo‘qolganlar toifasiga kiritiladi. Shuningdek, Marina Miron statistikalarning batafsil ochiqlanmasligiga yana bir sababni keltirib o‘tgan. Bu bevosita marhum askarning oila a’zolariga badal to‘lashdan qochish bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, agar hukumat askarni o‘lik deb rasman qabul qilmasa, u Rossiya va Ukrainada muammoga aylangan marhumlarning oilalariga pul to‘lash majburiyatidan xalos etadi. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra hozircha deyarli 3 yildan buyon davom etib kelayotgan bosqinda halok bo‘lgan yoki yaralangan askarlarning aniq soni ma’lum emas. Biroq dunyo hamjamiyati va nufuzli xorij OAVlari ikki tomonning rasmiy doiralari haqiqiy statistikani ochiqlashini kutib tura olmaydi va bu borada o‘zlarining versiyalarini taqdim qiladi. Xususan, joriy yil iyul oyida The Economist jurnali AQSH Mudofaa vazirligi hujjatlariga tayanib, bosqin boshlangandan buyon halok bo‘lgan va yaralangan rossiyalik askarlar soni 700 dan oshiq bo‘lishi mumkinligi haqidagi qo‘rqinchli raqamlarni taqdim qildi. Ukraina Bosh shtabi esa 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 654 mingdan ortiq rossiyalik harbiy halok bo‘lgan, deya da’vo qildi. Ukraina qo‘shinlariga kelsak, Rossiya Mudofaa vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, shu kungacha Kiyev deyarli yarim millionga yaqin yo‘qotishlarga uchragan. Joriy yil iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin jurnalistlarga ishonish qiyin bo‘lgan raqamlar haqida yuqori ishonch bilan gapirdi. U Ukraina yo‘qotishlari Rossiyanikidan besh baravar ko‘p ekanligi, Kiyev oyiga eng kamida 50 ming harbiy xizmatchisidan ayrilayotganini iddao qildi.
Bu esa haqiqatdan yiroq va bosqin davom etayotgan sharoitda raqibga psixologik bosimni kuchaytirish bo‘lishi ehtimoli yuqori. Shunday qilib, yo‘qotishlar deganda halok bo‘lgan, yaralangan va izsiz yo‘qolganlar umumiy tarzda hisoblanadi. Ammo faqatgina halok bo‘lgan askarlargagina to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yerda biroz kichikroq raqamlarga duch kelamiz. Jumladan, “Mediazona” mustaqil ommaviy axborot vositalarining sentyabr oyi oxiridagi hisobotiga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon 71 mingdan ortiq rossiyalik askar Ukrainada o‘ldirilgani aniqlangan. Halok bo‘lgan ukrainalik harbiylar esa G‘arb hisob-kitoblariga ko‘ra, 80 mingga yaqinni tashkil qiladi. Bunday yirik yo‘qotishlar fonida Rossiya ham, Ukraina ham harbiy xizmatchilar borasida chuqur muammolarga duch kelmoqda. Xullas, har bir tomon, har qaysi nashr o‘z versiyalarini taqdim qildi va qilib kelmoqda. Ammo baribir raqamlar bir-biridan xilma-xilligi sabab aniq o‘lim va jarohatlanganlarning umumiy yoki alohida soni qancha ekanligi noaniqligicha qolmoqda.
Putinning begunoh qurbonlari va “koma” holatidagi Ukraina demografiyasi
Ortda qolgan 30 yil davomida mustaqil Ukraina aholisi yildan yilga faqatgina kamayib borsa-bordiyu, ammo o‘sish umuman sodir bo‘lmadi. Ukraina aholisi so‘nggi bor 1993 yilda o‘sishga erishgan va bu stabil demografik yuqorilashdagi oxirgi siljish edi. Bundan buyog‘iga ular faqat va faqat kamaydi. Masalan, 1993 yilda 52 milliondan ortiq bo‘lgan fuqarolar soni 2000 yilga kelib, 49 yarim millionga pastladi. Oradan 10 yil o‘tib, 2010 yilga borib yana 3 million yo‘qotish kuzatildi va Ukraina aholisi 46 yarim milliongacha kamaydi. Bundan keyingi dekadada esa demografik inqiroz sur’ati biroz pasaydi va 2020 yilda ukrainaliklar 2 millionga kamayib, 44,6 millionni tashkil qildi. Mana shunday tabiiy pasayish va 2022 yildagi bosqin omuxtasi bilan Ukraina aholisi Putin boshlagan bosqinning ilk yilida 41 milliongacha kamayib ketdi. Ammo bu hali hammasi emasdi. 2023 yildagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat fuqarolari soni atigi 37.7 millionni tashkil qildi va bu Ukraina aholisi so‘nggi uch yilda rekord darajada, 7 milliongacha qisqarganini anglatadi. Mutaxassislar uzoq vaqtdan beri Ukrainaning demografik kelajagi qorong‘i ekanligi haqida ogohlantirib keladi. Agar mamlakatdagi aholi soni shu tarzda qisqarishda davom etsa, ayrim prognozlarga ko‘ra, Ukraina fuqarolari soni 2050 yilga borib 31 million, 2100 yilda esa 15 milliongacha pastlab ketish xavfi bor. Prezident Vladimir Zelenskiy esa aynan shu muammolarni hisobga olgan holda 18 va 25 yosh oralig‘idagi erkaklarni bosqin sharoitida davlat mudofaasiga safarbar etishdan bosh tortib keldi. Chunki ularning aksariyati hali farzand ko‘rmagan va bu orqali ular Ukrainada ketayotgan “qahraton demografik qish”ni biroz bo‘lsa-da ilitishi mumkin. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar shuni ochiqlaydiki, o‘zi shundoq ham juda og‘riqli davrni boshidan o‘tkazayotgan Ukraina demografiyasi Putin bosqini oqibatida “koma” holatiga tushdi. 2022 yil fevral oyidan to bugungacha Ukrainadagi tinch aholi orasidagi qurbonlar 12 mingdan oshdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shulardan 550 nafardan ortig‘ini bolalar tashkil qiladi. Ba’zi manbalar bu ko‘rsatkich 633 nafardan iborat ekanini ta’kidlaydi. Yana minglab bolalar esa turli darajada yaralangan, mayib-majruh ahvolga keltirilgan. O‘ldirilgan bolalarning 440 nafarga yaqini birgina 2022 yilning o‘zida halok etildi. Bosqin davomida halok bo‘lgan tinch aholini yillar kesimida ko‘rib chiqilsa, ular 2022 yilda 8384, 2023 yilda 1957 nafarni tashkil qiladi. Ular o‘z uy-joylarida yoki boshqa fuqarolik ob’ektlarida, jumladan, shifoxona, savdo markazlari va boshqa joylarda bo‘lganda bosqinchilarning havodan bergan zarbalari oqibatida halok bo‘lgan. Bundan tashqari, 1000 kunlik bosqin davomida 23 ming 600 dan ortiq tinch aholi yaralangan. Ularning ichida 1 yarim mingdan ko‘proq bolalar mavjud. 2022 yilda boshlanib to hozirgacha davom etayotgan Putin bosqini oylar yoki choraklik bo‘yicha tahlil qilinadigan bo‘lsa, vaziyat yanada keskin tus olganiga guvoh bo‘lamiz. Chunki 2024 yil yoziga kelib, Ukrainaga qilingan bosqin ko‘lami yanada kengayishi bilan birga, uning shafqatsizligi ham borgan sari ortib bordi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi ham yozda tinch aholi o‘limi va jarohatlari keskin oshganini qayd etdi. Ukrainada joriy yilning iyun va avgust oylarida 3200 dan ortiq tinch aholi qurbonlari qayd etildi. Ularning ichida 589 nafari o‘lgan bo‘lsa, jarohatlanganlar 2685 nafarni tashkil qildi. Shuning uchun joriy yilning yozi – 2022 yildan buyon tinch aholi qurbonlari bo‘yicha Ukrainada qayd etilgan eng yuqori uch oylik sifatida ko‘rildi. Ammo bosqinning eng ayanchli davri 2022 yilning mart oyi bo‘lib qolmoqda. O‘shanda Ukrainada bir oy ichida 3900 ga yaqin tinch aholi halok etilgan yoki yaralangandi. Ortda qolgan oylarda esa tinch aholi orasidagi qurbonlar soni hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Birgina avgust oyida 184 nafar fuqaro halok bo‘lgan bo‘lsa, 856 nafari yaralangan. Bu esa joriy yil hisobida qurbonlarga boy bo‘lgan ikkinchi oydir. Birinchi o‘rinni esa 219 nafar tinch aholi halok bo‘lgan va 1018 nafari yaralangan iyul oyi egallagan. 2024 yilda rus qo‘shinlari tomonidan yo‘llangan eng mudhish zarbalar yoz o‘rtasida, 8 iyulda sodir bo‘ldi. Kiyev, Donetsk va Dnepropetrovsk kabi hududlarni qamrab olgan havo hujumi 200 ga yaqin insonni jarohatlab, 44 nafar tinch aholini halok qildi. Hujumning eng ayanchli nuqtasi Kiyevda joylashgan bolalar shifoxonasi bo‘ldi. Hujum oqibatida 25 kishi o‘ldirildi va yana 70 kishi yaralandi. Shu kungi bosqin nishonidan hatto tug‘uruqxona ham omon qolmadi. “Isida” nomli tug‘uruqxonaga yo‘llangan havo zarbasi oqibatida 7 kishi o‘ldirildi va 3 kishi jarohatlandi. Bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxonaga qilingan bu kabi qabul qilib bo‘lmas hujum Putin bosqini nafaqat Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmaslik yoki uni demilitarizatsiya qilish uchun, balki ukrainlarning genofondiga o‘nglanmas zarba berish uchun ham amalga oshirilayotganini yaqqol ochiqlaydi.
Hayot yo‘q qilingan hududlar
Putin bosqini boshlangandan buyon mamlakatda eng kamida 350 000 dan ortiq inshootlar, millionlab kvadrat metr turarjoy, ta’lim, tibbiyot va sport infratuzilmasi, minglab kilometr avtomobil va temiryo‘llar, aeroportlar va portlar butunlay vayron qilindi yoki ma’lum darajada shikastlandi. Ukrainaning sharqiy qismi – Donbassdagi ko‘plab hududlar kimsasiz xarobalarga aylantirildi. Ko‘plab shahar va tumanlar butunlay vayron qilindi va hududda deyarli hech kim qolmadi. Butkul yo‘q qilingan ma’muriy hududlar asosan Donetsk viloyatida joylashgan bo‘lib, bular Mariupol, Volnovaxa, Marinka, Soledar va Baxmut kabilardir. Deyarli xarobazorga aylantirilgan shaharlardan yana biri Luganskda joylashgan bo‘lib, bu Severodonetsk shahridir. Rossiya qo‘shinlarining eng tajovuzkor harakatlari bosqinning birinchi yilida amalga oshirildi. 2022 yilning mart oyi boshida, Sharqiy Donbass mintaqasidagi ikki shahar – Volnovaxa va Shastiyaning fuqarolik infratuzilmasi kuchli shturmlarga uchradi va bir necha kunlik bombardimonlardan so‘ng ular butunlay vayron qilindi. Volnovaxa uchun kurash 26 fevraldan 12 martgacha davom etib, hudud butunlay vayron qilinganidan so‘ng Ukraina askarlarining hayotini saqlab qolish uchun Ukraina Qurolli kuchlarini olib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Volnovaxa uchun kurash paytida Rossiya tomoni shaharni, shu jumladan, turarjoylar va fuqarolik infratuzilmasini ommaviy ravishda o‘qqa tutish taktikasini qo‘llagan holda hududdagi normal hayotga nuqta qo‘ydi.
Putinning keyingi o‘ljasi Mariupol port shahri bo‘ldi. Ukrainaga bostirib kirilganidan bir necha kun o‘tgach, dushman qo‘shinlari shaharni blokada qilishni boshladilar. Aprel oyining o‘rtalariga kelib esa infratuzilmaning 95 foizi yo‘q qilindi. Mariupoldagi eng dahshatli manzara bosqinchilar shahar Drama teatrini shafqatsizlarcha bombardimon qilganida yuzaga chiqdi. Chunki bu yerda tinch aholi bomba va otishmadan panoh saqlash ilinjida to‘plangandi. San’at markazi bo‘lgan va butun postsovet hududida o‘ziga xos obro‘ga ega bo‘lgan ushbu maskan havo hujumlaridan so‘ng qabristonga aylandi. Hujumdan so‘ng Mariupol shahar kengashi halok bo‘lganlar soni 300 dan ortganini e’lon qildi. Ammo oradan biroz o‘tib AP nashri yanada qo‘rqinchli raqamlarni ochiqlab, o‘sha kuni teatrda 600 ga yaqin tinch aholi, shu jumladan, bolalar o‘ldirilgan deya o‘z surishtiruvlarini e’lon qildi.
Lugansk viloyatida joylashgan Severodonetsk shahri uchun kurash dastlab ikki oy davom etdi. Aholi punktlarining nishonga olinishi urush jinoyatlari sirasiga kirsa-da, Putin boshlagan bosqinda oddiy shaxmat piyodasi bo‘lgan rus qo‘shinlari bu gal ham mazkur qoidalarga tupurdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya armiyasining keng ko‘lamdagi hujumlari oqibatida shaharning 90 foizi vayron bo‘lgan.
Bosqinning keyingi nishoni strategik muhim nuqtalar – Soledar va Baxmutga qaratildi. 2022 yil avgustda Soledarni o‘qqa tutish boshlandi. Soledar hamda unga yaqin bo‘lgan hududlarda hujumlar oktyabr oyigacha davom etdi. Dekabr oyining oxiriga kelib, hududning katta qismi xarobaga aylantirildi. Rossiya qo‘shinlari Soledar shahrini butunlay vayron qildi, oldin bu yerda taxminan 10 000 kishi istiqomat qilardi. Ammo vaqt o‘tib, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari shuni ko‘rsatdiki, shaharda tom ma’noda birorta bino omon qolmagandi. Rossiyaning Soledarga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujumlari 2022 yil dekabr oyi oxiri va 2023 yil yanvar oyining boshlarida qayta tiklandi va 16 yanvarda Rossiya kuchlari sanoat zonasining so‘nggi sektorini egallab olishdi va shahar ustidan nazoratni ta’minladi. Bu esa ruslarga keyingi nuqta, eng muhim hudud bo‘lgan Baxmutning shimoliy va shimoli-sharqiy chekkalariga yanada kuchliroq tahdid solish imkonini yaratdi. Baxmutda esa nimalar sodir bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Ushbu kichik shaharcha ustidagi janglar roppa-rosa bir yil davom etdi. Aslida 2022 yil may oyida boshlangan hujumlar Soledar egallanganidan so‘ng 2023 yil yanvarida yanada kuchayib, o‘sha yilning mayigacha davom etdi. Bir kalendar yili davomida deyarli har kuni davom etgan janglar tufayli qator turarjoy binolari, maktablar, do‘konlar va boshqa infratuzilmalar xarobaga aylantirildi. Bosqindan oldin daraxtlar va bog‘lar bilan o‘ralgan shaharning turli burchaklari oradan bir yil o‘tib, chang va vayrona qoldiqlari bilan qoplandi. Baxmut deyarli har kuni shaharga otiladigan rus armiyasining yuzlab snaryadlari tufayli ekologik falokatga duch keldi. Shunday qilib, Putin bosqini, shu va yuqorida nomlari keltirilgan boshqa shaharlarning kulini ko‘kka sovurdi. Ammo bu vayron qilingan Ukraina yerlarining ma’lum bir qismi, xolos. Aslida yana ko‘plab aholi punktlari mavjud bo‘lgan joylardagi hayot uchqunlari tag-tubi bilan yo‘q qilingan.
Putin bosqinining eng pastkash izlari: Bucha va Izyum qirg‘inlari
2022 yil fevral oyining so‘ngida boshlangan keng ko‘lamli bosqin Ukrainaning ichiga chuqur tarzda kirib keldi va hatto Kiyev viloyatini ham qamrab oldi. Ammo bosqinning dastlabki oyidayoq qarshi hujumlar evaziga Ukraina Qurolli kuchlari rus qo‘shinining bosqinchilik harakatlariga yetarlicha javob berdi va ularni Kiyev viloyatining turli nuqtalaridan irg‘itib yubordi. 1 aprel kuni Bucha meri Anatoliy Fedoruk Ukraina harbiylari rossiyalik bosqinchilarni hududdan chiqarib yuborganini tasdiqladi. Ozod qilingan shaharda ukrainalik harbiylar hududni diversantlar va rossiyalik sheriklardan tozalashga kirishdi. 2 aprel oqshomida Ukraina Mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar butun Kiyev viloyati rus bosqinchilaridan ozod qilinganini tasdiqladi. Ammo ertasi kuni butun dunyoni dahshatga solgan xabarlar va tasvirlar yuzaga qalqib chiqdi. Butun dunyo OAV bosqinchilarning vahshiyliklari haqidagi ma’lumotlar bilan to‘la boshladi. Buchada qo‘llari bog‘langan holda o‘ldirilganlar, Kiyev viloyatidagi yo‘llardan birining chetida yalang‘och ayollarning jasadlari va shu kabi xunrezliklar aks etgan tasvirlar butun dunyoni junbishga keltirdi. Bucha jasadlar bilan to‘lib toshgan, qurbonlarning aksariyati qo‘llari bog‘langan holda boshining orqa qismiga o‘q uzilishi oqibatida halok etilgandi. Bir oyga yaqin muddat davomida Rossiya harbiylari nazoratida bo‘lgan Kiyev viloyatining Bucha va boshqa aholi punktlarida o‘nlab tinch aholining o‘ldirilishi Rossiya bosqinidagi eng dahshatli lahzalaridan biriga aylandi. Ukrainaliklar ommaviy qabrlarga dafn qilingan, ba’zi jasadlar esa ko‘chalarning o‘rtasiga tashlab ketilgandi. Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktova Kiyev viloyatining Rossiya harbiylaridan ozod qilingan tumanlaridan 410 nafar o‘lganlarning jasadi sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun olib ketilganini ta’kidladi. Keyinchalik ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, shahardan jami 458 nafar tinch aholi jasadi topilgan bo‘lib, ularning ichida 419 kishi qurol bilan o‘ldirilgan bo‘lsa, 39 kishi ishg‘ol paytida halok bo‘lgan. O‘shanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buchadagi holatga munosabat bildirar ekan, Rossiyaning madaniy va insoniy qiyofasi ukrainaliklar bilan o‘lganini ta’kidladi. U o‘z videomurojaatida rus tilida so‘zlab, rossiyalik onalarga yuzlangan holda shunday dedi:
“Men har bir rossiyalik askarning onasi Bucha, Irpen va Gostomelda o‘ldirilgan odamlarning jasadini ko‘rishini xohlayman. Ular nima qildi? Nega ularni o‘ldirishdi? Ko‘chadan velosipedda o‘tib ketayotgan erkak nima qildi? Nima uchun tinch shahardagi oddiy fuqarolar qiynoqqa solingan? Nima uchun ayollar quloqlaridan sirg‘alari tortib olingandan keyin bo‘g‘ib o‘ldirilgan? Qanday qilib ayollarni bolalarning ko‘z o‘ngida zo‘rlash va o‘ldirish mumkin? Hatto o‘lganidan keyin ham ularning jasadlarini masxara qilasizmi? Nima uchun odamlarning jasadlarini tanklar bilan ezib tashlashdi? Ukrainaning Bucha shahri sizning Rossiyangizga nima qildi? Qanday qilib bularning barchasi sodir bo‘ldi?
Rus onalari, agar siz talonchilarni tarbiyalagan bo‘lsangiz ham, ular qanday qilib jallodga aylandi? Farzandlaringizning ichida nima borligini bilmagan bo‘lishingiz mumkin emas. Ular hammasi insoniylikdan mahrum ekanliklarini payqamasligingiz mumkin emas. Ruh ham, yurak ham yo‘q. Men Rossiya Federatsiyasining barcha rahbarlari o‘zlarining buyruqlari qanday bajarilayotganini ko‘rishlarini xohlayman. Mana bunday buyruqlar, mana bunday ijro. Va birgalikda javobgarlik. Bu javobgarlik qotilliklar uchun, qiynoqlar uchun, portlashlardan keyin uzilib ketgan qo‘llar uchun. Bog‘langan odamlar boshining orqa qismiga uzilgan o‘qlar uchun.
Rossiya davlati endi shunday qabul qilinadi. Sizning madaniyatingiz va insoniy qiyofangiz ukrainlar va ukrainalik ayollar bilan birga halok bo‘ldi”.
Ammo Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya harbiylari tomonidan Buchada tinch aholi o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni “provokatsiya” va “sahnalashtirish” deb atadi. Ularning ta’kidlashicha, Bucha rus harbiylari nazorati ostida bo‘lgan davrda “birorta ham mahalliy aholi zo‘ravonlik harakatlaridan jabr ko‘rmagan”, Ukraina harbiylari esa shaharning janubiy tumanlarini “tun-u kun” o‘qqa tutgan. Bayonotga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi shahar 30 mart kuni rus harbiylari tomonidan tashlab ketilganini ta’kidlab, Buchada “jinoyatlarning barcha dalillari” oradan to‘rt kun o‘tib, Ukraina Xavfsizlik xizmati zobitlari va Ukraina televideniyesi vakillari shaharga yetib kelishganidan keyin” paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan. Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, Bucha voqealari xususidagi haqiqatlar oshkor bo‘lgach, dunyo davlatlari Rossiyani keskin qoraladi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini ishlab chiqishni boshladi. 42 davlat Rossiya ustidan Gaaga sudiga shikoyat qildi.
Butun dunyoni gangitib qo‘ygan bu voqea Putin bosqini va uning piyodalariga zarracha ham ta’sir qilmadi. Bucha genotsididan besh oy o‘tib, rus bosqinchilari yana bir qatliomga qo‘l urdi. Bu safargi qonga botirilgan hudud Xarkovdagi Izyum shahri edi. Gap shundaki, 2022 yil sentyabr oyi boshida Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida muvaffaqiyatli qarshi hujumni amalga oshirib, viloyatning deyarli barcha bosib olingan hududlarini ozod qildi. 10 sentyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Izyumni bosqinchilardan ozod qilganini e’lon qildi. Ammo oradan salkam bir hafta o‘tar-o‘tmas ukrainaliklar ko‘z o‘ngida bundan 5 oy ilgari Kiyev viloyatining Bucha shahridagi manzara yana qayta jonlandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 16 sentyabr kungi videomurojaatida Rossiya Izyumda Kiyev viloyatining Bucha shahrida qilgan vahshiyliklarini takrorlaganini ta’kidladi.
“Qiynoqlar, odamlarni masxara qilishning aniq dalillari allaqachon mavjud... Bularning barchasiga dunyo javob berishi kerak. Rossiya Buchada qilganini Izyumda takrorladi”, dedi u.
Izyum yaqinidagi ommaviy qabristonda jasadlarni eksgumatsiya, ya’ni jasad qoldiqlarini qabrdan olib chiqish ishlari amalga oshirildi. 23 sentyabrga kelib, ommaviy qabrdan 427 nafar ukrainalik jasad olib chiqildi. Jasadlarning 202 nafari ayollar, 189 nafari erkaklar va 5 nafari bolalar edi. Ammo ular Izyumda yerga tiqib yuborilgan so‘nggi qurbonlar emasdi. Oradan bir necha kun o‘tib, Rossiya bosqinidan ozod qilingan Izyum shahrida yana ikkita ommaviy qabr topildi va bu haqda Zelenskiy xorij nashrlariga ma’lum qildi.
“Bugun men qo‘shimcha ma’lumot oldim. Yana ikkita ommaviy qabr topildi, yuzlab odamlar bo‘lgan katta qabrlar. Bilasizmi, gap kaftdek keladigan Izyum shahri haqida ketyapti. Kichik shaharchada yana ikkita ommaviy qabr bor. Mana nimalar bo‘lyapti”, dedi u.
Shunday qilib, Zelenskiy ta’biri bilan aytilgan o‘sha kaftdek Izyumda jami 447 nafar jasad ommaviy qabrlardan olib chiqildi. Biroq Izyum joylashgan Xarkov viloyatidagi qatliom qoldiqlari bu bilan hali nihoyalanmagandi. 2022 yil oktyabr oyi boshlarida Xarkov viloyatining Rossiyadan ozod qilingan qismida rus askarlari tomonidan o‘ldirilgan yana bir necha o‘nlab tinch aholining jasadlari topildi. Eng so‘nggida Izyum va boshqa hududlarni qo‘shib hisoblaganda jami 534 nafar tinch aholi rus bosqinchilari qo‘lida qiynoqlar bilan jon taslim qilgani ayon bo‘ldi. Ulardan 226 nafari ayollar, 260 nafari erkaklar, 19 nafari esa bolalar edi. 29 nafar jasad esa hatto jinsini ham aniqlab bo‘lmaydigan holga keltirilib, tashlab ketilgandi.