Putin Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishmay Rossiyani vayron qilmoqda – Tramp

Olam

image

Agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha bitim tuzishdan bosh tortsa, Rossiya katta muammolarga duch keladi. Bu haqda kecha, 20 yanvar kuni kechqurun AQSH Prezidenti lavozimiga kirishgan Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

"U kelishuv tuzishi kerak. Menimcha, u shartnoma tuzmasdan Rossiyani vayron qilmoqda. Rossiya katta muammoga duch keldi", deya qo‘shimcha qildi u.

Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Putinning o‘zi ham kelishuv tuzishga moyil, degan fikrni bildirdi.

"U ishlarning unchalik yaxshi ketmayotganidan xursand bo‘lishi mumkin emas. Aytmoqchimanki, u charchagan. Ammo ko‘pchilik bu urush bir hafta ichida tugaydi deb o‘ylagan va endi bu uch yildan beri davom etmoqda, to‘g‘rimi?" deb tushuntirdi Tramp.

AFP bu so‘zlarni "Trampning Putinga nisbatan noodatiy tanqidiy pozitsiyasi" deb ataydi.

Ukrainadagi urush davrida Rossiya duch kelayotgan muammolar haqida gapirar ekan, Donald Tramp og‘ir iqtisodiy vaziyatga, xususan, yuqori inflyatsiyaga ishora qildi. U Ukrainadagi urushni tugatish variantlarini muhokama qilish uchun Rossiya rahbari bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazishga tayyorlanayotganini yana bir bor ta’kidladi.

Shu bilan birga, Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy unga shaxsiy uchrashuvida urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishmoqchi ekanligini aytganini ta’kidladi.

“Zelenskiy kelishuvga erishmoqchi”, dedi AQSH Prezidenti.

Jurnalistlarning “Ukrainadagi urushni prezidentlik kampaniyasi chog‘ida va’da qilganidek, lavozimga kirishganidan keyin 24 soat ichida tugatish mumkinmi?” degan savoliga javoban Donald Tramp bunday maqsadga erishish uchun “yana yarim kun” borligini aytdi.

"Biz buni imkon qadar tezroq qilishga harakat qilamiz. Bilasizmi, Ukraina va Rossiya bilan urush hech qachon bo‘lmasligi kerak edi", deya qo‘shimcha qildi Tramp.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing