Xarkov mudofaasiga mas’ul Ukraina generallari hibsga olindi
Olam
−
21 yanvar
7680Kecha, 20 yanvar kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati va Davlat tergov byurosi Xarkov viloyati mudofaasiga mas’ul bo‘lgan uch nafar yuqori martabali ukrainalik zobitni hibsga oldi. Bu haqda ikki idoraning qo‘shma bayonotida so‘z boradi.
Ular harbiy holat bo‘yicha harbiy xizmatga ehtiyotsizlik qilganlikda ayblanmoqda. Har ikki idoraning rasmiy bayonotlarida hibsga olinganlarning ism-shariflari tilga olinmagan, faqat ularning lavozimi va martabalari ko‘rsatilgan: ikkita general va bir polkovnik.
“Ukrainskaya pravda” nashrining yozishicha, gap brigada generali Yuriy Galushkin, general-leytenant Artur Gorbenko va polkovnik Ilya Lapin haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil may oyida Rossiya armiyasining Xarkov viloyatiga hujumi chog‘ida “qo‘mondonlarning harakatlari shaxsiy tarkib va qurol-yarog‘ning yo‘qolishiga olib kelgan” hamda “davlat chegarasini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni buzgan”.
"Hibsga olinganlar piyoda qo‘shinlarni artilleriya va havodan qo‘llab-quvvatlashni to‘g‘ri tashkil eta olmadilar va o‘z qo‘l ostidagilariga dushman qo‘shinlarining hujumkor harakatlari to‘g‘risida ma’lumotni o‘z vaqtida yetkaza olmadilar, bu Rossiya armiyasining Xarkov viloyati hududiga kirib borishiga va uni qisman egallashiga imkon berdi", deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ukraina Qurolli Kuchlarining yuqori martabali ofitserlarining hibsga olinishini Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham o‘zining kechki videomurojaatida izohlab, bunday “jinoiy xatolar” tergov va adolatli xulosalar chiqarishni talab qilishini ta’kidladi.
“Odamlar na maqom, na o‘tmishdagi fazilatlar qonun ustuvorligini bekor qilmasligini his qilishlari muhim”, dedi u.
Shuningdek, kecha, 20 yanvar kuni Anna Kiyevskaya nomidagi 155-alohida mexanizatsiyalashgan brigadaning sobiq komandiri hibsga olingan. Bo‘lim G‘arb qurollari bilan jihozlangan va ko‘plab askarlari Fransiyada o‘qitilgan.
Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, harbiy qo‘mondon huquqni muhofaza qilish organlarini chet elda mashg‘ulotlar paytida va Sharqiy frontda jangovar topshiriqlarni bajarish paytida askarlarning qochib ketishi holatlari haqida xabar bermagan. Ukraina matbuoti xabarlariga ko‘ra, 1700 nafar askar brigadani ruxsatsiz tark etgan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati, shuningdek, Ukrainadan tashqarida o‘qish uchun askarlarni tanlashda brigadada ishlagan ehtimoliy korrupsiya sxemalari bo‘yicha tergov e’lon qildi.
Barcha hibsga olinganlar Kiyevga olib ketilgan. Agar ular aybdor deb topilsa, 10 yilgacha qamalishi mumkin.
LiveBarchasi