O‘rmonlarning kesilishi 500 ming kishining o‘limiga sabab bo‘ldi

Bu qiziq

image

O‘rmonlarning kesilishi so‘nggi 20 yil davomida yarim million kishining o‘limiga olib keldi. Bu haqda “Nature Climate Change” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda so‘z boradi.

Olimlar yerlarning “tozalanishi” Amazonka, Kongo va janubi-sharqiy Osiyoda haroratni oshirayotganini aniqlagan. Buning ortidan soya yo‘qoladi, yog‘ingarchilik darajasi kamayadi va yong‘inlar xavfi ortadi. O‘rmon kesilishi tufayli yuzaga kelgan lokal isish global iqlim o‘zgarishiga qo‘shimcha ravishda ushbu hudud aholisi duch kelayotgan harorat ko‘tarilishining uchdan bir qismidan ortig‘ini tashkil etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2001 yildan 2020 yilgacha qariyb 345 million kishi lokal isishning yomon oqibatlarini boshidan kechirgan. 2,6 million kishi uchun harorat yana 3 darajaga ko‘tarilgan. Bu esa ko‘plab hollarda o‘limga olib kelgan.

O‘rtacha hisobda o‘rmonlarning kesilishi har yili 28,3 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Holatlarning yarmidan ko‘pi Janubi-Sharqiy Osiyoga, uchdan biri Afrikaga, qolganlari esa Markaziy va Janubiy Amerikaga to‘g‘ri kelgan.

Braziliya, Gana va Buyuk Britaniyadan bo‘lgan tadqiqot mualliflari o‘lim statistikasini ommaviy o‘rmonlar kesiladigan hududlardagi harorat o‘zgarishlari bilan solishtirgan. Bu esa bevosita qurbonlar soni hisoblab chiqilgan ilk tadqiqot hisoblanadi.

Lids universiteti professori Dominik Spraklenning ta’kidlashicha, o‘rmonlarning kesilishi oqibatidagi lokal zarar yetarlicha baholanmaydi, chunki e’tibor ko‘proq global iqlim va agrobiznes manfaatlariga qaratiladi.

U Braziliyaning Matu-Grosu shtatini misol qilib keltirgan. U yerda soya plantatsiyalari uchun o‘rmonlar ommaviy ravishda kesilgan. Spraklenning aytishicha, tropik o‘rmonlarni asrash insonlar hayotini saqlab qoladi va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, o‘rmonlar haroratni tartibga soladi, yomg‘ir olib keladi va mahalliy aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar haddan tashqari issiqlik biologik qarishga sabab bo‘lishini aniqlagani xabar qilingan edi. Tadqiqotga ko‘ra, issiqlik to‘lqinlari inson tanasi uchun spirtli ichimliklarni qabul qilishdan ancha zararliroq va bu qisqa mudatda o‘lim sonining oshishiga ham olib keladi. Masalan, joriy yilda Angliyada birgina issiqlik to‘lqini paytida 600 ga yaqin erta o‘lim aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim ekologiya global isish O'rmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing