“O‘rikzor”ning yana bir sotuvchisi va Yunusoboddagi do‘kondorda koronavirus aniqlandi

Jamiyat

image

"O‘rikzor" savdo majmuasida do‘kon sotuvchisi va uning qizida, shuningdek, Yunusobod tumanida joylashgan do‘konda faoliyat ko‘rsatuvchi sotuvchi va uning turmush o‘rtog‘ida koronavirus tasdiqlangan. Bu haqda bugun, 1 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

“Mamlakatimizning qator hududlari qatori, Toshkent shahrida ham aholi orasida kasallanish holatlari hamon oshib bormoqda. Jumladan, poytaxtimizda bugun ayni paytga qadar koronavirusga chalingan 10 nafar fuqarodan 4 nafarini aholi orasidan aniqlanganlar tashkil etdi. Jumladan, "O‘rikzor" savdo majmuasida do‘kon sotuvchisi va uning qizida, shuningdek, sotish uchun mahsulotlarni ushbu savdo majmuasidan olib, Yunusobod tumanida joylashgan do‘konida faoliyat ko‘rsatuvchi sotuvchi va uning turmush o‘rtog‘ida ham koronavirus tasdiqlangan”, deyiladi xabarda.

Vazirlik tomonidan Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlariga qo‘shimcha ravishda, Namangan va Buxoro viloyatlarida ham kasallanish holatlarining uchrayotgani jiddiy ogohlantirish signallari ekani ta’kidlandi. Aytilishicha, ushbu holatlar oddiy, ammo zarur bo‘lgan karantin qoidalarini turmush tarzimizning bir qismiga aylantirishimiz shart.

Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, jamoat va odamlar to‘plangan joylardan uzoqroq yurish, doimo tibbiy niqobni taqish kabi karantin qoidalariga qat’iy amal qilish lozimligini qayta-qayta so‘rab qoladi.

Avvalroq, 10 nafar Toshkent aholisida koronavirus aniqlangani ma’lum qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

219

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing