“O‘rgimchak odam: Yangi kun” yilning eng daromadli premerasiga aylandi

Olam

image

“O‘rgimchak odam: Yangi kun” filmi prokatning ilk haftasida AQSH va Kanadada 355 million dollar yig‘ib, 2026 yilning eng daromadli kinopremerasiga aylandi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, film xalqaro prokatda yana 572 million dollar ishlagan. Shundan 121 million dollari Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, kartina koronavirus pandemiyasidan keyin Shimoliy Amerikadagi eng yuqori start natijalaridan birini qayd etgan.

Natijaga ko‘ra, “O‘rgimchak odam: Yangi kun” Gollivud tarixidagi eng muvaffaqiyatli ikkinchi debyut bo‘lgan. Birinchi o‘rinni hanuzgacha 2019 yilda ekranlarga chiqqan “Qasoskorlar: Final” egallab turibdi. Tom Xolland ishtirokidagi yangi film ushbu rekorddan atigi ikki million dollarga ortda qolgan.

“Reuters” ta’kidlashicha, superqahramonlar haqidagi filmlarga qiziqish pasayganiga qaramay, Marvel qahramoni bo‘lgan O‘rgimchak odam tomoshabinlar uchun jozibadorligini saqlab qolmoqda.

“O‘rgimchak odam: Yangi kun” Tom Xollandning 2016 yildan beri mazkur qahramon obrazidagi uchinchi filmi hisoblanadi. Yangi kartinaning asosiy mavzusi qahramonning yolg‘izlik hissi va odamlar bilan yaqin munosabat o‘rnatishga intilishi bo‘lib, aynan shu jihat tanqidchilar va tomoshabinlar tomonidan ijobiy baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kristofer Nolanning “Odisseya” filmi premera oldidan namoyishlar davomida 17,6 million AQSH dollari daromad to‘plab, 2026 yilning eng yaxshi natijasini qayd etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing