Silvestr Stallone Tramp taklif qilgan “kursi”ga o‘tirmadi

Madaniyat-san’at

image

Amerikalik aktyor Silvestr Stallone AQSH Prezidenti Donald Trampning Gollivuddagi kinoindustriya bo‘yicha maxsus elchisi bo‘lish taklifini rad etdi. Bu haqda Stallonening o‘zi ma’lum qildi.

San’atkorning so‘zlariga ko‘ra, u bu tayinlov haqida televizion yangiliklar orqali, o‘z ismini Mel Gibson va Jon Voyt bilan bir ro‘yxatda ko‘rgach xabar topgan. Aktyorning aytishicha, agar undan oldindan so‘rashganida, u darhol bu g‘oyani amalga oshirib bo‘lmaydigan deb atagan bo‘lar edi.

Stallone o‘z rad javobini ushbu lavozimdagi vazifalarni bajarish deyarli imkonsizligi bilan izohlagan. Uning fikricha, kinostudiyalar alohida feodal davlatlardek faoliyat yuritadi va hech bir inson kelib, yirik kompaniyalar rahbariyatiga biznesni qanday yuritish kerakligini ko‘rsata olmaydi. Aktyor Gollivudning korporativ sektori moliyaviy va ishlab chiqarish masalalarida uning maslahatlariga quloq solmasligini alohida qayd etgan. Oqibatda Stallone “rahmat va chao” deb rad javobini bergan.

Trampning tashabbusiga ko‘ra, aktyorlar kino ishlab chiqarishni boshqa mamlakatlardan AQSHga qaytarishga yordam berishi kerak edi. Biroq bu lavozim rasmiy davlat posti hisoblanmasdi va maslahatchilik xususiyatiga ega edi. Stallonedan farqli o‘laroq, uning hamkasbi Jon Voyt administratsiya bilan hamkorlikni davom ettirgan va Amerika kinoindustriyasini qo‘llab-quvvatlash rejasini taqdim etgan. Stallonening o‘zi esa hozirda mashhur “Talsa qiroli” jinoiy serialining to‘rtinchi mavsumida suratga tushishga e’tiborini qaratgan.

Ma’lumot uchun, Silvestr Stallone 1946 yil 6 iyul kuni AQSHning Nyu-York shahrida tug‘ilgan mashhur aktyor, rejissyor, ssenarist va prodyuser. U jahon kinematografiyasida, ayniqsa, jangari janrining eng yorqin afsonalaridan biri hisoblanadi. Stalloneni butun dunyoga mashhur qilgan eng yirik loyihalaridan biri bu – irodali bokschi Rokki Balboa haqidagi filmlar seriyasi. 1976 yilda ekranlarga chiqqan birinchi “Rokki” filmi ssenariysini Stallonening o‘zi yozgan va bosh rolni ijro etgan bo‘lib, ushbu kinoasar keyinchalik “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, aktyor Vetnam urushi faxriysi va yengilmas jangchi Jon Rembo haqidagi mashhur franshiza orqali ham tomoshabinlar qalbidan joy olgan. Keyinchalik u Gollivudning eng taniqli jangari film aktyorlarini bir joyga to‘plagan “Uddalab bo‘lmas” loyihasiga hamda so‘nggi yillarda suratga olinayotgan, katta ommaboplikka erishgan “Talsa qiroli” (Tulsa King) jinoiy drama serialiga boshchilik qilgan. O‘z faoliyati davomida “Oskar” va “Oltin globus” mukofotlariga nomzod bo‘lgan Stallone kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibiga aylangan. U nafaqat kino olamida, balki turli jamoatchilik va madaniy loyihalarda ham faol ishtirok etib keladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing