O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. Andijonda karantin davrida majburiy mehnat aniqlandi

Jamiyat

image

Andijonda suv xo‘jaligi xodimlari majburiy tarzda yong‘oq ekishga jalb etilganligi aniqlangan va mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda. 

“Internet nashrlarida Andijon viloyatida karantin va cheklov tadbirlari amalda bo‘lishiga qaramay, byudjet tashkilotlarining 500 dan ortiq xodimlari majburiy mehnatga jalb qilingani yuzasidan xabarlar tarqaldi. O‘rganishlar davomida Andijon tumani xududidagi adirlikka  xaqiqatan  10-11 aprel kuni yong‘oq ko‘chatlari ekilgani va bunda Andijon viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli korxona ishchilari majburiy tarzda jalb etilgani aniqlandi. 

Ushbu holatda, Mehnat kodeksining 124-moddasi hamda 177-moddasi talablari buzilganligi uchun korxona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

Andijon viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi, “Andijon xududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ, “Andijon hududgaz” MCHJ, Andijon viloyati “Suvoqava” DUKda olib borilgan o‘rganishlar natijasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlari aniqlanmadi. Bundan tashqari adirlik hududida Andijon, Buloqboshi tumani Obodonlashtirish boshqarmalarining xaq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb etilgan xodimlari  2020 yil 13-15 aprel kunlari Obodonlashtirish ishlarida ishtirok etgani aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi, ya’ni mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Bazaviy hisoblash miqdori 2020 yil 16 aprel holatiga ko‘ra 223 000 so‘m.
 


Maqola muallifi

Teglar

Andijon karantin majburiy mehnat

Baholaganlar

94

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing