Urganchda sog‘lom odamlar ham karantinga olindi – Otabekov vaziyatga izoh berdi

Jamiyat

image

Koronavirus tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari doirasida O‘zbekistonning turli hududlarida karantin markazlari tashkil etilgan. Jumladan, Xorazm viloyati, Urganch shahrida ham. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Urganch shahridagi karantin hududida tushunarsiz sabablarga ko‘ra, sog‘lom odamlar ham karantinga olingan. Karantin hududida yashash sharoiti o‘ta yomon. Har safar shifokorlar navbatchiligi almashganda ular o‘zlarining yangicha tartib-qoidalarini o‘rnatishadi.

Ta’kidlanishicha, ovqatlari yaxshi emas. Yuvinish uchun sharoit yo‘q, 5 haftada bir marta cho‘milish imkoni beriladi. Kimdir nimadir talab qilsa, jazolanishi bilan tahdid qilishadi.

“Ularga hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi aniq bo‘ldi. Karantindagilarni shunchaki ushlab turishibdi. Shtabda hech qanday ma’lumot berilmayapti. Hech qanday dori vositasi yo‘q va hech qanday davolash ishlari olib borilmayapti”, deyiladi murojaatda.

Bugun, AOKA shtabida o‘tgan brifingda ishtirok etgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov mazkur masalaga oydinlik kiritdi.

“Toshkent Tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga joriy yilning 5 aprel kuni Shovot tumani harbiy qismidan bemor bilan muloqotda bo‘lgan 52 kishi kuzatish uchun ko‘chirildi.

Ular bemor emas va ular uchun maxsus davolash muolajalari shart emas”, dedi Nurmat Otabekov.

Rasmiy vakilning ta’kidlashicha, barcha qavatlarda yuvinish xonalari mavjud. 3 mahal ovqat beriladi. 

“Menyu vitamin va mineralarga boy taomlar asosida tuzilgan. Ozuqalar sifati sanitariya-epidemiolik xizmati tomonidan nazorat qilinadi”, dedi Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha virus yuqtirganlar 1716 nafarni tashkil qilyapti. Bugungacha bemorlarning 450 nafari davolangan, 7 nafari vafot etgan.  

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing