Uranning yangi yo‘ldoshi topildi
Bu qiziq
−
23 avgust 3465 2 daqiqa
“Jeyms Uebb” kosmik teleskopi Uranning yangi, 29-yo‘ldoshini aniqladi. Unga S/2025 U nomi berildi. Bu haqda joriy yilning 19 avgust kuni NASA xabar berdi.
“Jeyms Uebb” kosmik teleskopi yordamida Janubi-G‘arbiy tadqiqot instituti (SwRI) boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi ilgari noma’lum bo‘lgan, Uran atrofida aylanuvchi yo‘ldoshni kashf etdi, bu esa sayyoraning ma’lum bo‘lgan yo‘ldoshlari oilasini 29 taga yetkazdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yo‘ldosh joriy yil 2 fevraldagi kuzatuvlar davomida aniqlangan. Yangi yo‘ldoshning diametri 10 km atrofida deb taxmin qilinmoqda. Ehtimol, uning kichik o‘lchami sabab 1986 yilda Uran yonidan uchib o‘tgan “Voyager-2” zondi uni ko‘rmagan.
“Yangi yo‘ldosh Uran markazidan taxminan 56 ming km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, sayyora ekvatorial tekislikda Ofeliya va Byanka yo‘ldoshlari orbitasi orasida aylanadi. Uning deyarli doira shaklidagi orbitasi, ehtimol, o‘zining hozirgi joylashuvi yaqinida shakllanganidan darak beradi”, deydi SwRI bosh mutaxassisi Mariyame El Mutamid.
Uranning dastlabki ikki yo‘ldoshi – Titaniya va Oberonni 1787 yilda ingliz astronomi Uilyam Gershel kashf qilgan. 28-yo‘ldosh – S/2023 U1 esa 2023 yil noyabrida Chilidagi Las-Kampanas observatoriyasida aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shu oy davomida yerliklar erta tongda osmonda bir safga tizilgan holda bir vaqtning o‘zida oltita sayyorani ko‘rishi mumkinligi xabar qilingandi.
Live
Barchasi