“Undan nimam kam?” Janubiy Koreya ham ilk ayg‘oqchi apparatini uchirdi

Olam

image

Kecha, 1 dekabr kuni Janubiy Koreya o‘zining birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshini uchirdi, u Ilon Maskning Space X Falcon 9 raketasi yordamida orbitaga chiqarildi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreya sun’iy yo‘ldoshi Kaliforniyadagi Vandenberg kosmik kuchlari bazasidan uchirilgan. Uchirishdan ko‘p o‘tmay, sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqarilgan va yerdagi boshqaruv bo‘limi bilan muvaffaqiyatli aloqa o‘rnatgan.

Qayd etilishicha, Yerdan 400-600 kilometr uzoqlikdagi orbitaga o‘rnatilgan sun’iy yo‘ldosh 30 santimetr o‘lchamdagi jismlarni aniqlay oladi.

Shunday qilib, Janubiy Koreya yadro quroliga ega Shimoliy Koreyani kuzatish uchun birinchi razvedka yo‘ldoshiga ega bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Seul 2025 yil oxirigacha yana to‘rtta razvedka yo‘ldoshini uchirishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreya ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshining uchirilishi Pxenyan o‘zining razvedka sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqqanidan ikki hafta o‘tmay amalga oshirildi.

"Shu paytgacha Janubiy Koreya [Shimoliy Koreyani kuzatish uchun] asosan AQSH sun’iy yo‘ldoshlariga tayanishi kerak edi", deydi Sangji universiteti harbiy fanlari professori Choy Gi Il.

Qayd etish joizki, Shimoliy Koreya o‘z sun’iy yo‘ldoshi allaqachon Amerika va Janubiy Koreyaning yirik harbiy ob’ektlari suratlarini, shuningdek, Italiya poytaxti Rim suratlarini uzatganini ma’lum qilgan. 

Seul esa Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukraina bilan urushida foydalanish uchun qurol evaziga Moskvadan texnik yordam olganini da’vo qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 noyabr kuni Shimoliy Koreya o‘zining razvedka yo‘ldoshini uchirgandi. Bunga javoban 22 noyabr kuni Koreya Respublikasi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha Koreyalararo kelishuvning amal qilishini qisman to‘xtatganini e’lon qildi. Ushbu chora uchish taqiqlangan zonalar haqidagi qoidalarga tegishli edi. 23 noyabr kuni KXDR Mudofaa vazirligi endi butun kelishuvga rioya qilmasligini va hujjatda taqiqlangan choralarni qo‘llashni qayta boshlashini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya sun'iy yo'ldosh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing