Olmazorda ikki kundan beri “svet” yo‘q
Jamiyat
−
25 mart 2023
12015Kecha, 24 mart kuni ertalab Toshkent shahar Olmazor tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelib, o‘nlab mahallalarda "svet" o‘chdi va bugun soat 21:00 ga qadar minglab xonadonlar chiroqsiz qolmoqda. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (HET) holatga munosabat bildirib, tez orada nosozlik bartaraf etilishini ma’lum qildi. Biroq ikki kun o‘tdiki, HET aholini elektr toki bilan ta’minlay olmayapti.
QALAMPIR.UZ muxbiri holatga aniqlik kiritish uchun HET matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev bilan bog‘landi.
“Ayni paytda transformator almashtirish ishlari olib borilmoqda. Bugun soat 00:00 gacha mazkur jarayon yakunlanishi rejalashtiriilgan. Shu kecha-kunduzda qo‘shimcha avtotransport vositalari va qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilindi. Ikkita yangi transformator olib kelindi. Ularning eskisini joyidan yechish, yangisini o‘rnatish va ulash ishlari olib borilmoqda, bu esa o‘ziga yarasha vaqt talab etadi”, deydi Nuraliyev.
Shuningdek HET vakili kun oxirigacha ishlar yakunlanmay qolishi, yana kutilmagan muammo tug‘ilib qolishi mumkinligini istisno etmadi. Ammo barcha kuch vositalari ishga safarbar qilinganini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, “Sag‘bon” podstansiyasidagi mavjud kuchlanishi 25 000 kilovatli elektr qurilmasida favqulodda nosozlik yuzaga kelib, Olmazor tumanidagi “Ahil”, “Paxta”, “Yangi Toshkent”, “Beruniy”, “Shodiyona”, “Istiqbol”, “Oltinsoy”, “Bo‘stanobod”, “Tepa Guzar”, “G‘alaba”, “Tabassum”, “Islom ota” hamda “Chuqursoy” mahallalari hududlarida elektr taminotida uzilish sodir bo‘lgan edi.
LiveBarchasi