Umurzoqov boshchiligida maktab darsliklari to‘liq tekshiruvdan o‘tkaziladi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2022
10853Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligiga maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq bergani haqida xabar bergan edik. Masala shu bilan yakun topgani yo‘q. Davlat rahbari, shuningdek, maktab darsliklarini sifat jihatidan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqishni buyurgan. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Komil Allamjonov Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Darsliklar nafaqat tekin bo‘ladi, balki sifat jihatdan ham to‘liq tanqidiy ko‘rib chiqiladi”, deb yozgan Allamjonov.
Uning qayd etishicha, maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirig‘idan so‘ng, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov mazkur masala bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan.
Unda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan o‘tkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash bo‘yicha Prezident Administratsiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning mas’ul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzilgan.
Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2 sentyabr kuni 2022-2023 o‘quv yili maktab darsliklarning ijara narxi ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, ta’lim tili o‘zbek sinflar uchun darsliklar to‘plamlarining ijara narxlari 108 foizga oshirildi. Ota-onalar va jamoatchilik orasida norozilikni keltirib chiqargan ushbu masala bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi munosabat bildirib, narx oshishini yangi darsliklarning chop etilish harajatlari, xususan dunyo bozorida qog‘oz narxi va qog‘ozni O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha transport harajatlarining keskin oshib ketishi bilan izohladi.
LiveBarchasi