Umumiy ovqatlanish korxonalarining 524 tasida taomnoma o‘zbek tilida emas – Raqobat qo‘mitasi
Jamiyat
−
21 Oktabr
3227Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tekshirgan respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalaridan (restoran, kafe, oshxona va bufet) 524 tasida taomnoma o‘zbek tilida emas. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mitaga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarda sanitariya-gigiyena talablari buzilayotganligi, narxlarni oshirib qo‘llash hamda taomnomalarning davlat tilida taqdim etilmayotganligi yuzasidan 250 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Raqobat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bilan hamkorlikda respublikada faoliyat yuritayotgan 700 ga yaqin ovqatlanish korxonalarida tanlanma asosida o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlarda umumiy ovqatlanish sub’ektlari tomonidan iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishda ovqat tayyor bo‘lish vaqti, narxi va to‘lash shartlari haqida to‘g‘ri tushunarli ma’lumot taqdim etmaslik, taomnomalarda tayyor ovqatlarning hajmlari ko‘rsatilmaganligi, yo‘l bo‘yidagi sanitar qoidalariga nomuvofiq joylarda ovqat tayyorlash, tayyor ovqatni yetkazib berish, tashish va saqlashdagi muammolar ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, o‘rganish ishlarida qamrab olingan 700 ga yaqin umumiy ovqatlanish korxonalarining:
- 524 tasida - (75%) taomnoma davlat tilida emas;
- 480 tasida - (69%) ish rejimi ko‘rsatilmagan;
- 449 tasida - (65%) narxnomalar mavjud emas;
- 429 tasida - (62%) avtoturargohlar mavjud emas;
- 519 tasida - (74,6%) favqulodda vaziyatlar uchun chiqish yo‘laklari mavjud emasligi aniqlangan.
Bildirilishicha, Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqoridagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli organlarga (Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi) tegishli tartibda ma’lumotlar kiritilgan.
“Hurmatli iste’molchilar! Umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan yuqoridagi keltirib o‘tilgan talablar buzilishiga duch kelib, huquqlaringiz buzilgan taqdirda, Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch (1159) raqamiga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi