Umraga deb odamlarni chuv tushirgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
10:31 2863 1 daqiqa
Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida Umra ziyoratiga deb odamlarni chuv tushirgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, departamentning Uchtepa tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.K. va boshqalar fuqaro V.X.ning ishonchiga kirib, 4 900 AQSH dollari evaziga “Umra-2026” tadbiri uchun Saudiya Arabistoniga borish uchun viza hujjatlarini tayyorlab berishini aytgan. Shuningdek, ular 4 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishlarini va’da qilib, oldindan bo‘nak sifatida 2 500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning G‘uzor tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xususiy aviakassa chipta sotuvchisi U.Q. fuqaro L.Ch.ning ishonchiga kirib, uning qaynonasini 12,2 mln so‘m evaziga tanishlari yordamida Umra ziyoratiga yuborishini aytib, shundan 10 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 19 ming 547 nafar fuqaroni Umraga noqonuniy yuborgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi