Umraga borib kelgan ayolning 5 qarindoshi va onasiga qaragan hamshira koronavirusga chalindi
Jamiyat
−
29 mart 2020
20424Namangan viloyatida COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan bemorlar soni 12 nafarga yetdi. 29 mart kuni aniqlangan koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 29 ta yangi holatning oltitasi Namangan viloyatida qayd etilgan. Bu haqda Namangan viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Davlatali Qosimov ma’lum qildi.
Turkiya orqali Umra safariga borib kelgan va koronavirus yuqtirgani aniqlangan ayolning onasi, singlisi, qizi hamda nevarasiga virus yuqqani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 29 martga kelib ushbu ayolning karantin kuzatuvida bo‘lgan yana besh nafar qarindoshida — boshqa bir singlisi, singlisining kelini, akasi, akasining rafiqasi, jiyani hamda uning onasiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelgan patronaj hamshirasida — jami olti nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlandi.
Hozirgi kunda ushbu fuqarolar bilan oilaviy yaqin muloqotda bo‘lganlarning barchasi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga, ikkilamchi muloqotda bo‘lganlar esa maxsus jihozlangan izolyatorlarga joylashtirilgan. Ularning sog‘ligi malakali mutaxassislar tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
Avvalroq, Umraga boirb kelgan ayolning 72 yoshli onasi koronavirus yuqtirgani va vafot etgani haqida xabar bergan edik. Achinarlisi, ayolning janozasi va dafn marosimida birorta ham oila a’zosi va yaqinlari ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 133 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi