Koronavirusdan vafot etgan onaxon oila a’zolarisiz dafn etildi
Jamiyat
−
29 mart 2020
43832O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan ilk o‘lim joriy yilning 27 mart kuni qayd etildi. Koronavirusni Umraga borib kelgan qizidan yuqtirgan 72 yoshli ayol Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, miokard infarktidan vafot etdi.
Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyat aholisiga yo‘llagan murojaatida marhumning janozasida hech bir yaqini ishtirok eta olmaganini ma’lum qildi.
“Mana shu holatning eng og‘ir, achinarli, hech qachon esdan chiqmaydigan tomoni ham bo‘ldi. Onaxonning butun oilasi karantinga olindi. Vafot etgan onaxonning janozasida, dafn marosimida birorta ham oila a’zolari, birorta ham yaqinlari ishtirok etgani yo‘q.
Janoza ham, dafn marosimi ham maxsus sanitariya-epidemiologik stansiyasi xodimlari, shifokorlar tomonidan o‘tkazilib, qabristonda dafn marosimi o‘tkazib kelindi... Shaxsan menga bu holat juda ham og‘ir botdi”, deya hokim odamlarni yana bir bor ogohlikka va uyda qolishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 133 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor