Umra ziyorati 4 bosqichda tiklanadi – Saudiya Arabistoni
Olam
−
07 Oktabr 2020
10102Umra ziyorati to‘rt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etiladi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o‘zining rasmiy internet nashrlari orqali ma’lum qildi deb xabar berdi O‘zbekiston Vazirlar Mahkmasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lum qildi.
Birinchi bosqich, 2020 yil 4 oktyabr kunidan e’tiboran cheklangan miqdorda, Saudiya Arabistoni Podshohligida istiqomat qiluvchilar uchun ichki Umra ziyorati ochilishi kutilmoqda. Bunda ziyoratchilar soni cheklangan bo‘lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro‘yxatga olinadi va ularning kunlik umumiy adadi 6 ming nafarni tashkil etadi.
Ikkinchi bosqich, 18 oktyabr kunidan e’tiboran, kunlik ziyoratchilar soni 15 mingga oshiriladi.
Uchinchi bosqich, 1 noyabr kunidan boshlab, xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda kunlik 20 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan. Ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
To‘rtinchi bosqich, mavjud epidemiologik vaziyat sababli o‘rnatilgan karantin cheklovlari batamom olib tashlangach, Umra ziyorati pandemiyadan oldingi holatdagidek to‘liq tiklanadi.
Vazirlik xabarida yuqoridagi barcha bosqichlar Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmasi asosida yumshatilishi yoki kuchaytirilishi, xorijiy davlatlar ro‘yxati shakllantirishi va tasdiqlanishi, ziyoratchilarning Masjid al-Haramga maxsus onlayn navbat dasturi asosida kiritilishi eslatib o‘tiladi.
Qayd etilishicha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiylari tomonidan belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqda hamda fuqarolarning to‘liq tibbiy xavfsizligini ta’minlagan holda, rasmiy, ishonchli va xavfsiz Umra xizmatlarini taqdim etish ustida ish olib bormoqda.
LiveBarchasi