Umarov qilichbozlik federatsiyasining rejalari bilan tanishdi

Sport

image

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Umarov va Sport vazirligi hamda MOQ mutasaddilari O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining taqdimotini o‘rgandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

2027 yil Toshkent kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi va unda Olimpiada uchun eng yirik reyting ochkolari o‘ynaladi. Federatsiya taqdimotida rais Maxsud Abdusamadov va bosh kotib Gulnora Saidova bu borada alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik qilichbozlar bu gal jamoaviy dasturda ham Olimpiada yo‘llanmalari uchun kurash olib boradi. Bu borada o‘zbekistonlik sablyachilarning imkoniyati yuqori baholanib, hozirdan tayyorgarlik boshlab yuborilgan. Shuningdek, qilichbozlarni boshqa yo‘nalishlarda ham munosib tayyorlash borasida ishlab chiqilgan reja tanishtirildi.

Suhbat davomida yangi Olimpiya siklida terma jamoaga jalb qilinishi kutilayotgan xorijlik murabbiylar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Terma jamoa bosh murabbiyi Ruslan Kudayev xorijlik mutaxassislar bilan ishlash, O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Jahon kubogi bosqichlarini o‘tkazish orqali iqtidorli sportchilarni saralash ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qildi.

Suhbat yakunida federatsiyaning hududiy bo‘limlari bilan ishlashni yanada jadallashtirish tavsiya qilinib, O‘zbekiston delegatsiyasini Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun takliflar belgilab olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov qilichbozlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing