Umarov badminton federatsiyasi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazdi
Sport
−
27 dekabr
1176O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Umarov va tashkilot mutasaddilari mamlakat badminton federatsiyasi vakillari bilan sportchilarning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish yo‘lidagi rejalari bilan tanishib, yig‘ilish o‘tkazdi.
Federatsiya vakillari sportchilarning ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlari uchun umid borligi, buning uchun zarur jihatlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Avvalo, federatsiya moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilar muntazam ravishda xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari va musobaqalarda ishtirok etishlari,terma jamoaga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish bu boradagi eng asosiy jihatlar sifatida sanab o‘tildi.
Badminton Toshkent shahri, Buxoro va Andijon viloyatlarida nisbatan yaxshi rivojlangan. Rasmiylar suhbat davomida respublikaning boshqa hududlarida ham ushbu sport ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralash, murabbiylar malakasini kuchaytirish borasida kerakli tavsiyalarni berdi. Shuningdek, asosiy terma jamoa vakillarini badminton kuchli rivojlangan janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini yuborish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida federatsiya faoliyatini yanada jadallashtirish, hududlarda badminton ommaviyligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
LiveBarchasi