Ulug‘bek Qosimov ham lavozimiga qayta tasdiqlandi
Jamiyat
−
12:45
1781Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 7 noyabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining VII chaqiriq birinchi sessiyasi o‘tkazilgan. Unda viloyat Hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonovaning joriy yil 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglangan.
Maslahatlashuvda Prezident tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga Ulug‘bek Qosimov nomzodi ko‘rsatilgani bildirildi. Nomzod deputatlarga viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqboliga mo‘ljallangan o‘z dasturini taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashining VII chaqiriq birinchi sessiyasi qarori bilan Ulug‘bek Berdiqobilovich Qosimov nomzodi Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqladi.
Shuningdek, sessiyada 14-Alpomish saylov okrugidan saylangan deputat Choriyev Abduraim Ravshanovich xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi raisi etib saylandi.
Bundan tashqari, sessiyada xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Andijon, Samarqand, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Buxoro, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyati hokimlari ham lavozimlariga tasdiqlangandi.
LiveBarchasi
06 noyabr