Normat Tursunov Navoiy hokimi lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
05 noyabr
53222021 yildan Navoiy viloyati hokimi sifatida ishlab kelayotgan Normat To‘lqinovich Tursunov lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 5 noyabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Sessiya viloyat saylov komissiyasi raisining joriy yil 27 oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berilishidan boshlangan.
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisligiga 30-Tamabaxrin saylov okrugidan saylangan deputat Aliyev G‘ofir Quvvatovich saylandi. Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.
Shuningdek, sessiya davomidagi maslahatlashuv natijalariga ko‘ra, Normat Tursunov bir ovozdan Navoiy viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkaziladi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga (Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish) ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati – 5 yil.
Konstitutsiyaning 123-moddasiga ko‘ra, viloyat hokimlarining vakolatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish kiradi.
Ma’lumot uchun, Normat Tursunov davlat soliq xizmatidagi faoliyatini 1994 yilda Toshkent shahar Akmal Ikromov (hozirgi Uchtepa) tumani davlat soliq inspeksiyasi inspektori vazifasida boshlagan. U 2010-2017 yillarda Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, birinchi o‘rinbosar, Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Tursunov 2017-2018 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, 2018-2021 yillarda esa Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan. 2021 yildan Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi, 2022 yildan esa viloyat hokimi sifatida ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Erkinjon Turdimov va Xorazm viloyati hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Jo‘rabek Rahimov Xalq deputatlari viloyat Kengashlarining sessiyalarida o‘z lavozimlariga tasdiqlangan edi.
LiveBarchasi