Andijon hokimi ham lavozimiga tasdiqlandi
Jamiyat
−
07 noyabr
7650Shuhratbek Ko‘shoqboyevich Abdurahmonov Andijon viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 7 oktyabr kuni Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi o‘tkazilgan. Unda viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Bahtiyorjon Rasulovning joriy yil 27 oktyabr sanasida bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglangan.
Maslahatlashuvda Andijon viloyati hokimi lavozimiga Prezident tomonidan Shuhratbek Qo‘shaqboyevich Abdurahmonov nomzodi ko‘rsatilgani bildirildi. Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi qaroriga muvofiq, Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Shuningdek, sessiya ishi davomida deputat O‘ktamjon Oxunov xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi raisi etib saylandi.
Bundan tashqari, sessiyada xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat kengashi reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimi lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi hamda ushbu nomzod bo‘yicha partiya guruhlari bilan maslahatlashuv o‘tkaziladi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 2-moddasiga (Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘ini lavozimiga tayinlash va lavozimdan ozod etish) ko‘ra, viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning vakolatlari muddati – 5 yil.
Konstitutsiyaning 123-moddasiga ko‘ra, viloyat hokimlarining vakolatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish kiradi.
Ma’lumot uchun, Shuhratbek Abdurahmonov 2013 yil 1 aprelda Andijon viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, 2013 yil 26 aprel kuni Xalq deputatlari Andijon viloyat sessiyasida uning nomzodi viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangan. U shundan beri Andijon hokimi sifatida ishlab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bungacha Samarqand, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Buxoro, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyati hokimlari ham lavozimlariga tasdiqlangandi.
LiveBarchasi