“Ulkan janjal yaqinlashmoqda”. Nazarboyevning Putin bilan uchrashuvi AQSHdagi jinoyat ishi bilan bog‘landi

Olam

image

Qozog‘icton Majlisi deputati Ermurad Bapi mamlakatning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan uchrashuvini AQSHda tayyorlanayotgan yangi “Qozoqgeyt-2” jinoyat ishi bilan bog‘ladi. Bu haqda u “Elmedia” loyihasi efirida so‘z ochdi.

“Mening ma’lumotimga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 'Qozoqgeyt-2' nomli yangi ulkan janjal yaqinlashmoqda. AQSH Adliya vazirligi bir vaqtlar AQSH fuqarolari, kompaniyalari, sug‘urta tashkilotlari va ekspertlar kabi sub’ektlar xizmatidan foydalangan global kleptokratlarga qarshi yangi jinoyat ishini tayyorlamoqda. Agar ushbu kleptokratlar AQSH sub’ektlari xizmatlaridan foydalangan bo‘lsa, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Menda bunday maxfiy ma’lumot bor”, dedi Bapi.

Deputatning fikriga ko‘ra, boshqa mamlakat milliy qonunlarini buzgan bo‘lsa, sobiq rahbarni hech qanday kafolat qutqara olmaydi.

“Menimcha, sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning Kremlga, Putinning huzuriga safar qilishi va Qozog‘iston Respublikasining davlat sirlariga oid yangi qonun normasini joriy etish bo‘yicha harakatlari ana shu yaqinlashayotgan janjal bilan bog‘liq. Biz faqat Pandora qutisi qachon ochilishini, aniqrog‘i portlab ketishini kutishimiz kerak”, deydi Bapi.

Shuningdek, deputat sobiq prezidentlar va ularning oilalari haqida sog‘lig‘i va shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni davlat siri deb e’lon qilish bo‘yicha yangi tuzatmalarga qarshi ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 14 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Novo-Ogaryovodagi qarorgohida Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevni qabul qilgani ma’lum bo‘ldi. Ammo uchrashuvning tafsilotlari ochiqlanmagan.

“Qozoqgeyt” – bu xalqaro korrupsiya mojarosi bo‘lib, 1990 yillarning oxiri va 2000 yillar boshida Qozog‘istonda yuqori darajadagi korrupsiya ayblovlari bilan bog‘liq. Bu mojaro G‘arb neft kompaniyalari tomonidan Qozog‘iston mulozimlariga neft konlariga kirish huquqi uchun pora to‘laganliklari haqidagi da’volarni o‘z ichiga oladi. Ushbu ishning asosiy ayblanuvchisi amerikalik bankir va yurist Jeyms Giffen bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Nursulton Nazarboev Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing