O‘lganning ustiga tepgan! Yana Rishton...

Jamiyat

image

O‘lganning ustiga tepgan deb shuni aytishsa kerak. Farg‘ona viloyati, Rishton tumanidagi voqealar alangasi endigina so‘nishni boshlaganda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuman rahbariyatiga nisbatan yangi ayblovlar bilan chiqdi.

Joriy yilning 29 iyul kuni O‘zbekiston axborot agentligining saytida “jannatdan xabarlar” qabilidagi navbatdagi material e’lon qilingan bo‘lib, unda  27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida o‘tkazilgan hashar ishlari to‘g‘risida “Rishtonda uyi buzilishga tushgan har bir oilaga ko‘mak berilmoqda”nomli  qarsakbozlikka yo‘g‘rilgan maqola e’lon qilingandi. 

Xabarda qayd etilishicha, 27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida yo‘llarni kengaytirish, ob’ektlar qurish va obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish uchun “Azot” AJ, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”, “Farg‘ona Issiqlik energo markazi” MCHJning 4500 nafar xodimini jalb etish orqali hashar o‘tkazilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zAning materialiga nisbatan bu hashar emas, balki majburiy mehnatning navbatdagi ko‘rinishi ekanini aytib chiqdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, bu xildagi tadbirlar mehnat qonunchiligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish va ommaviy ravishda mehnatga majburlash hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-son Qaroriga muvofiq, hashar faqat ixtiyoriy asosda o‘tkazilishi belgilangan. Hasharni o‘tkazish uchun umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘lishi shart. Hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi. Hasharlar doirasida boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi.

27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatining qator tumanlarida o‘tkazilgan hasharlar Prezidentning tegishli hujjatisiz yoki Vazirlar Mahkamasining qarorisiz o‘tkazilgan. Hasharlar doirasida byudjet va boshqa tashkilot xodimlari qurilish va obodonlashtirish, shu jumladan, avtomobil yo‘llari bo‘yidagi ishlarga jalb etilgan.

Ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlar doirasida majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini o‘rganish uchun “Azot” AJ, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”, “Farg‘ona Issiqlik energo markazi” MCHJ korxonalarida o‘rnatilgan tartibda tekshiruv o‘tkazish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 3 ta guruh shakllantirildi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha ko‘rilgan tegishli chora-tadbirlar haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborotida. 

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu xildagi tadbirlarning o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmasligini alohida ta’kidlab, joylardagi davlat hokimiyat organlari rahbarlaridan har qanday majburiy mehnat ko‘rinishlarini to‘xtatishni talab etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Rishton

Baholaganlar

54

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing