Rishton tumaniga yangi hokim tayinlandi
Jamiyat
−
11 avgust 2023
7039Bugun, 11 avgust kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bahodir Rahmatullayevich Xoliqov bundan buyon Rishton tumani hokimi sifatida faoliyat yuritadi. U bungacha Farg‘ona viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan.
Ma’lumot uchun, Bahodir Xoliqov 1972 yil 26 yanvarda Rishton tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti - oliy. 1994 yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan.
Uzoq yillar davomida Soliq tizimida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan, Marg‘ilon, Quvasoy va Farg‘ona shaharlari Davlat soliq inspeksiyalari boshlig‘i bo‘lgan.
2019-2020 yillarda Quvasoy shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat olib borgan.
Bahodir Xoliqov 2020 yildan 2021 yilning may oyigacha viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2021 yilda esa viloyat hokimining o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Rishton tumanining sobiq hokimi Suhfonjon Soliyev joriy yilning 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Qoraqalpog‘iston rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ishtirokida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlashdagi ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun lavozimidan ozod qilingan edi.