“O‘ldingmi?”. Xitoyda noodatiy ilova ommalashmoqda

Texnologiya

image

Xitoyda “O‘ldingmi?” nomli yangi ilova paydo bo‘ldi va u aholi orasida tez sur’atlarda ommalashmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Xitoy tilida Sileme (“O‘ldingmi?”) deb ataladigan bu ilova juda sodda ishlaydi. Foydalanuvchi har ikki kunda bir marta ilovadagi katta tugmani bosib, tirik ekanini tasdiqlashi kerak. Agar u buni qilmasa, ilova oldindan ko‘rsatilgan favqulodda aloqa kontaktiga xabar yuborib, foydalanuvchiga nimadir bo‘lganini xabar qiladi.

Ilova o‘tgan yilning may oyida ishga tushirilgan bo‘lsa-da, faqat so‘nggi haftalarda keng ommalasha boshladi. Uni asosan Xitoy shaharlarida yolg‘iz yashovchi yoshlar faol yuklab olmoqda. Natijada, u mamlakatdagi pullik ilovalar orasida eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylandi.

Tadqiqot tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, 2030 yilga borib Xitoyda yolg‘iz yashovchilar soni 200 millionga yetishi mumkin.

Ilova aynan shunday odamlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, o‘zini “xavfsizlik bo‘yicha hamroh” deb ta’riflaydi. U yolg‘iz yashovchi ofis xodimlari, uyidan uzoqda tahsil olayotgan talabalar yoki ongli ravishda yolg‘iz hayot tarzini tanlaganlar uchun mo‘ljallangan.

Ilovaning narxi 8 yuan (taxminan 1,1 dollar). Dasturchilar kelajakda ilovaga SMS-xabarnoma funksiyasini ham qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislar ilovaning mashhurligini uning provokatsion nomi va Xitoyda yolg‘iz yashovchilar sonining keskin ko‘payib borayotgani bilan izohlamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda homilani ko‘tarib yurishi mumkin bo‘lgan robot ustida ish olib borilayotgani haqida xabar berilgandi. Loyiha mamlakatda tug‘ilish darajasi pasayishi va ortib borayotgan bepushtlik muammosini hal qilishga qaratilgan. Loyiha asoschisining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy bachadon texnologiyasi allaqachon yakuniy bosqichga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy ilova O'ldingmi Sileme

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing