“Ular o‘z xohishi bilan chaylada yashamoqda”. Sardobadagi holat bo‘yicha munosabat bildirildi
Jamiyat
−
13 Oktabr 2020
16890Biroz avval, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Rashidova Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova bilan "Sardoba fojiasi"da jabr ko‘rgan Oqoltin tumanida bo‘lib, hamon uysiz qolgan oilalar chaylalarda yashayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lumot qoldirgan edi. Mazkur holat jamoatchilik e’tiborini yana joriy yilning may oyida Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida joylashgan "Sardoba" suv ombori yorilishi va uning oqibatlariga qaratdi.
Kuz mavsumi boshlanganiga bir yarim oy to‘ldi. Sardoba fojiasi ro‘y berganiga esa 5 yarim oy. 5 oydan ziyod vaqt davomida ayrim sardobaliklar hamon farzandlari bilan ko‘chalardagi chaylalarda yashayotgani jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Suratlar va undagi izohlarga, jumladan Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaning ko‘zi bilan ko‘rib, o‘zi guvoh bo‘lgan hodisalarga Oqoltin tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Oqoltin tumanining 500 nomli qishlog‘idagi holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari A.Ibodullayev hamda Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi U.Allaberdiyev ishtirokida o‘rganish olib borilgan.
"Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki kunning sovuq bo‘lishiga qaramay, aholi boshpanasiz istiqomat qilayotganligini aks ettiruvchi suratlar olingan chaylaga borildi.
Haqiqatan ham ayni kunlarda chaylada yashayotgan fuqarolar mavjud bo‘lib, biroq ushbu fuqarolardan nima sababdan talafot ko‘rgan hududlardagi aholi uchun ajratilgan yotoqxonaga joylashmayotganliklari so‘ralganda, ular quyidagicha javob berishdi. Jumladan:
Imonov Ikrom – uy-joy ko‘tarish niyatida qurilish materiallari olib kelganman, yaqinda qurilishni boshlayman, shu materiallarimni qo‘riqlab o‘tiribman, bola-chaqam qarindoshlarnikida hech qanday shikoyatimiz yo‘q.Imonov Shuhrat – Yaxshi niyatlarda chorva mollari boqyapman, men bularni kimga ishonib tashlab ketaman?
Mirzayev Boyyigit – Prezidentimiz tomonidan ajratilgan 40 mln so‘mga, talafot ko‘rgan uyimni o‘rnidan uy ko‘taryapman, Xudo xohlasa tez kunlarda bitirib olaman, bu yerdagi qurilish materiallariga ham kimdir ko‘z-quloq bo‘lib turish kerak-ku, endi ayollar tushunib-tushunmay biron nima degandir-da, lekin hech qanday shikoyat qiladigan joyimiz yo‘q, qolaversa, 1-2 kun ichida yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarga ko‘chib o‘tamiz.
Shuningdek O.Pardayev hamda A.Eshbekovlarning eski hovlisiga borilganda, hech kim yashamayotganligi aniqlandi. Qo‘shnilarining guvohlik berishicha, ular bu yerda yashamaydi, mahalla markazidagi qarindoshlarinikida turishadi, kunduz kunlari hovli-joyidan tomorqasidan kelib xabar olib-turishadi degan javobni oldik.
Shuni alohida ta’kidlash mumkinki, tuman hokimiyati tomonidan ularga qulay sharoit va 3 mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan yotoqxonalardan joy ajratilgan bo‘lib, vaqtincha yashash uchun taklif berilgan, biroq ular mazkur taklifga qat’iy rad javobini bergan holda, o‘zlarining xonadonlari o‘rnida sharoit yaratib, yashab kelmoqda. Ushbu holatda mutasaddilarini harakatsizlikda ayblash noto‘g‘ri bo‘lib, asl mohiyatdan kelib chiqib ish tutilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Zero ushbu fuqrolarni hech kim bu kabi sharoitda yashashga majbur qilmagan.
Shundan anglasa bo‘ladiki, maqola va suratlarda aks etgan yashash sharoiti ayrim fuqarolar tomonidan o‘z xohishi bilan yaratilgan. Ular e’tibordan chetda qolmagan va qolmaydi ham.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, Oqoltin tumanidagi 3 ta mahallada 3518 (Shodlik MFYda1351 ta, Saxovat MFY da 725 ta, Axillik MFY da 1442 ta) ta xonadon suv toshqinidan zarar ko‘rgan bo‘lib, shundan 466 (Shodlik MFY da 375 ta, Saxovat MFY da 31 ta, Axillik MFY da 60 ta) tasi yaroqsiz, 732 (Shodlik MFYda 442 ta, Sahovat MFY da 173 ta, Axillik MFY da 119 ta) tasi ta’mirtalabligi aniqlangan.
Xususan, yuqorida nomi keltirilgan “Shodlik” mahallasining “Beshyuz” qishlog‘ida 102 ta xonadon, 125 ta oila mavjud bo‘lib ushbu xonadonlarda 425 nafar aholi istiqomat qiladi. Suv toshqini natijasida ushbu hudduddagi 86 ta uy-joylarga jiddiy zarar yetkazilgan. Ishchi guruhi tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatga ko‘ra, dastlabki bosqichda 70 ta xonadon butkul talafot ko‘rgan deb topilib, ularga yangi va barcha zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylardan ajratish belgilangan.
Shu jumladan, yuqorida ismlari qayd etilgan fuqarolar yaqin kunlar ichida o‘zlarining yangi xonadonlariga ko‘chib o‘tishlarini ma’lum qilamiz", deyiladi tuman hokimiyati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval Senat raisi Tanzila Norboyeva ham sardobaliklarning ko‘p qismi maktablarda yashayotganini tanqid qilgan edi.
LiveBarchasi