Ular xiyonatchi – Prezident lavozimidan bo‘shatilgan rahbarlar barcha oyliklarini davlatga qaytarishini buyurdi
Jamiyat
−
09 aprel 2021
13203Kecha, 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik. Ushbu yig‘ilishda ko‘plab rahbarlar lavozimidan ozod etildi. Prezident lavozimidan ozod etilganlarni “siyosatga xiyonatchilar” deb atab, ular ishlagan davrida olgan maoshini davlatga qaytarishi kerakligini urg‘uladi.
Kecha o‘tgan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Bo‘tayev, Soliq boshqarmasi boshlig‘i Bozorov, Markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Hasanov, Markaziy bank boshqarmasi boshlig‘i Saidov, Soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammediyev lavozimidan ozod etildi. Ular haqida gapirarkan, Prezident shunday deydi:
“Biror joyda ishlamasin. Bular bilishi kerak shuncha oylik berib, shuncha harakat qilganimga, siyosatga xiyonatchi bular”.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Ulug‘nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod, tumanlari hokimining birinchi o‘rinbosarlari, Andijon, Oltinko‘l, Olot, Qorako‘l, Oqoltin, Chilonzor, Mo‘ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shahridagi soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan bo‘shatildi.
“Ishdan bo‘shaganlar ishlagan davrida olgan oyligining hammasini davlatga topshirsin. Televizorda rasmini chiqarib, xiyonatchi deb berish kerak. Xalq bilishi kerak kim bular. Siyosatga qarshi ekanini hammasini”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yig‘ilishda Prezident Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va Navoiy viloyati hokimi Qobil Tursunovlar boshchiligida jami 5 kishiga hayfsan va uch oy muhlat berdi.
LiveBarchasi