Ukrainaning sobiq Mudofaa vaziri “Xarkov kelishuvi” bo‘yicha davlatga xiyonatda ayblanyapti

Olam

image

Ukraina Mudofaa vazirligining sobiq rahbari Mixail Yejel 2010 yil apreldagi “Xarkov kelishuvlari” imzolanishi va Qrimning anneksiya qilinishida Rossiya Federatsiyasining yordamini ma’qullagani munosabati bilan davlatga xiyonatda ayblangan. Bu haqda kecha, 8 avgust kuni Ukraina Davlat tergov byurosi (DTB) xabar berdi.

Sobiq vazir bir guruh shaxslar bilan  oldindan kelishuv asosida davlatga xiyonat qilishda (Ukraina Jinoyat kodeksining 28-moddasi 2-qismi, 111-moddasi 1-qismi) gumon qilinmoqda. Jinoiy ish Ukraina Bosh prokuraturasining protsessual rahbarligi ostida amalga oshiriladi.

DTBning ma’lum qilishicha, bir vaqtlar Ukraina Harbiy-dengiz flotining bosh qo‘mondoni bo‘lgan admiral Kiyev va Moskva o‘rtasida Rossiya Federatsiyasining Qora dengiz floti (QDF) Ukaina hududida bo‘lishi to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar to‘plamini kelishib olgan.

Shu bilan birga, bayonotda ta’kidlanishicha, Mixail Yejel 2010 yil 21 aprelda Ukraina Vazirlar Mahkamasining kelishuv loyihalari muhokama qilingan yig‘ilishida qatnashmasdan, shuningdek, ularning konstitutsiya va mamlakat qonunlariga muvofiqligini majburiy huquqiy ekspertizadan o‘tkazmasdan turib, hujjatlar loyihalarini kelishib olgan.

Davlat tergov byurosi Rossiya Qora dengiz flotining Ukrainada bo‘lishi va uning modernizatsiyasi 2014 yilda Qrim va Sevastopolning anneksiya qilinishiga hissa qo‘shgan, deb hisoblaydi.

2022 yil iyulida Viktor Yanukovich Prezidentligi davrida Ukraina Adliya vaziri bo‘lib ishlagan Aleksandr Lavrinovich va xuddi shu davrda Tashqi ishlar vazirligini boshqargan Konstantin Grishchenko davlatga xiyonatda ayblangan edi. Ayblovlar “Xarkov kelishuvlari”ning imzolanishi bilan ham bog‘liq.

2021 yilda qidiruvda bo‘lgan Viktor Yanukovich va sobiq Bosh vazir Nikolay Azarov davlatga xiyonat qilishda gumonlanayotgani e’lon qilindi.

2010 yil 21 aprelda Xarkovda Yanukovich Ukraina nomidan Kiyev va Moskva o‘rtasida Rossiya Qora dengiz flotining Sevastopolda qolish muddatini 25 yilga uzaytirgan kelishuvni imzolagan. Kelishuvlar doirasida Ukraina uchun Rossiya gazining narxi ham pasaytirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

123

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing