Ukrainani yangi falokat kutyapti – BMT

Olam

image

Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirishi Ukrainani joriy qishda “texnogen gumanitar falokat”ga yetaklashi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarlo kecha, 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida aytdi. 

Qayd etilishicha, Rossiya harbiylari tinch aholi va muhim infratuzilma ob’ektlariga qarshi tinimsiz, keng ko‘lamli zarbalar berishda davom etmoqda va bu halokatli oqibatlarga olib keladi. 

DiKarlo kecha tunda Ukrainaning eng yirik shaharlari – Kiyev, Odessa, Lvov, Nikolayev, Xarkov va Zaporojega raketalar va jangovar uchuvchisiz samolyotlar tomonidan zarbalarning yangi to‘lqini boshlanganini esladi. 

Sovuq havoning boshlanishi munosabati bilan ukrainaliklar ham past haroratlarda ham kurashishga majbur. Bu qish, BMT rahbari o‘rinbosari ta’kidlaganidek, mamlakatdagi millionlab odamlar uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Ukraina hukumati allaqachon tasdiqlaganidek, mamlakatda yirik issiqlik yoki gidroelektr stansiyalari ishlamayapti. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, birgina o‘tgan tunda mamlakatning 30 dan ortiq tinch aholisi Rossiya hujumlari qurboni bo‘lgan – bu raqamga o‘lganlar ham, yaradorlar ham kiradi. Volnyanskdagi tug‘ruqxonaga uyushtirilgan raketa hujumi oqibatida yangi tug‘ilgan chaqaloq vafot etdi

Rasmiylar butun hududlarni, jumladan Lvov, Zaporoje, Odessa, Kiyev va Chernigov viloyatlarini elektr energiyasidan butunlay uzishga majbur bo‘ldi. Kecha tunda uch millionga yaqin kiyevliklar va odessaliklarning katta qismi suvsiz qoldi. 

Bugungi hujumlar oqibatida hali ham ishlayotgan uchta atom elektr stansiyasi – “Rovenskaya”,  Janubiy Ukraina va Xmelnitskiy elektr tarmog‘idan uzildi. Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi “Zaporoje” doimiy o‘qqa tutilishi tufayli hamon xavf ostida. 

“Tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlar xalqaro gumanitar huquq bilan taqiqlangan. Xuddi shu narsa tinch aholiga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan harbiy maqsadlarga qilingan hujumlarga ham tegishli, bu kutilgan aniq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy ustunlikka nisbatan haddan tashqari ko‘p bo‘ladi”, deydi DiKarlo. 

Uning ta’kidlashicha, BMT bu hujumlarni keskin qoralaydi va Rossiya Federatsiyasidan bu harakatlarni darhol to‘xtatishni talab qiladi. 

Endi dunyo hamjamiyatining asosiy vazifasi, Rozmari DiKarlo ta’kidlaganidek, Ukrainada joriy qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan "texnogen gumanitar falokat"ning oldini olishdir. 

“Zudlik bilan keskinlikni yumshatish kerak. Biz BMTga a’zo barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlarni Ukraina suvereniteti va uning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligini hurmat qilgan holda ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan hujumlari bilan bog‘liq bugungi dahshatli xabarlar fonida yagona ijobiy o‘zgarishlar 35 rossiyalik va 36 ukrainalik harbiy asirlarning ozod etilishi va almashinishi haqidagi xabar bo‘ldi. 

“Biz tomonlarga ushbu almashinuvlarni davom ettirishni va xalqaro huquq, xususan, uchinchi Jeneva konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishlarini ta’minlashni qat’iy tavsiya qilamiz”, deydi BMT rahbari o‘rinbosari. 

Eslatib o‘tamiz, 23 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham nutq so‘zladi. U yig‘ilish ishtirokchilarini Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlashga va Rossiya agressiyasini qoralashga chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

BMT Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

255

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing