Ukrainaliklar Qozog‘istondan boshpana so‘raganlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda
Olam
−
21 Sentabr
4590Ukraina fuqarolari Qozog‘istondan boshpana so‘raganlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda, shuningdek, respublikada ro‘yxatga olingan qochqinlar soni bo‘yicha Afg‘oniston fuqarolaridan keyin ikkinchi o‘rinda. Bu haqda Qozog‘iston Migratsiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yerbolat Abulxatin ma’lum qildi.
Qo‘mita ma’lumotlarida sentyabr oyi holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda 368 nafar boshpana so‘rovchi va 310 nafar qochqin ro‘yxatga olingan. Uning yuqori uchligidan Ukraina 175, Afg‘oniston 136, Rossiya 19 kishi bilan joy olgan. Qochqinlar orasida eng ko‘p Afg‘onistondan 213 nafar, Ukrainadan 87 nafar va Xitoydan 5 nafar fuqarolar bor. Shuningdek, Suriyaning 3 va O‘zbekistonning 1 fuqarosi mazkur ro‘yxatda mavjud. Ularning aksariyati Olmaota shahrida istiqomat qiladi.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish maqsadida Mehnat vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi tuzilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida Ukrainaning Qozog‘istondagi Muvaqqat ishlar vakili Sergey Pavlenko so‘nggi uch yil ichida respublikaga 20 mingga yaqin Ukraina fuqarosi tashrif buyurganini, shundan atigi 4 foizi vakolatli organlarga boshpana so‘rab murojaat qilganini ta’kidlagan.
Qozog‘iston xalq assambleyasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida 301 mingga yaqin etnik ukrainlar istiqomat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Ukrainadagi elchixonasi “o‘sib borayotgan keskinlik va xavfsizlik nuqtai nazaridan” qozog‘istonliklarga mamlakatni tark etishni tavsiya qilgan edi.