Ukrainadagi “Maydan” voqealariga 10 yil to‘ldi
Olam
−
21 noyabr 2023
5066Bugun, 21 noyabr kuni Ukrainada Qadr-qimmat va erkinlik kuni nishonlanadi. Aynan bugun Kiyevda Ukrainaning siyosiy yo‘nalishini butunlay o‘zgartirgan voqea “Yevromaydan” boshlanganiga o‘n yil to‘ldi.
2013 yilning 21 noyabrida Kiyev markazida bir necha oy davom etgan norozilik namoyishi Ukraina hukumati tomonidan Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida assotsiatsiya shartnomasini imzolashga tayyorgarlikni to‘xtatib qo‘yganiga javoban boshlandi. O‘sha davr rahbariyati o‘z qarorini Yevropa integratsiyasining ichki iqtisodiyot uchun xavfi hamda Rossiya va MDH davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish zarurati bilan izohladi.
Namoyishlarning birinchi haftalari sekinlik bilan o‘tdi va 29 noyabrga kelib namoyishlar deyarli to‘xtadi, ammo 30 noyabr kuni talabalar lagerini zo‘ravonlik bilan tarqatib yuborishga urinish burilish nuqtasi bo‘ldi.
Kiyevda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida ommaviy to‘qnashuvlar 1 dekabr kuni radikal namoyishchilar birinchi ma’muriy binolarni egallab olib, Prezident ma’muriyatiga bostirib kirishga uringanida, shuningdek, 11 dekabrga o‘tar kechasi hokimiyat yana Mustaqillik maydanini kuch bilan tozalashga uringanida yuz berdi.
2014 yil 16 yanvarda Ukraina Oliy Radasi tomonidan ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish va fuqarolarning bir qator erkinliklarini, jumladan, yig‘ilishlar, so‘z erkinligi va uyushmalar erkinligini qattiq cheklashni nazarda tutuvchi qonunlar qabul qilingani 19 yanvar kuni Ukraina poytaxtida keskin qarama-qarshilikka olib keldi. Qayd etish joizki, ommaviy norozilik namoyishlari Kiyev chegarasidan tashqariga chiqdi va amalda butun mamlakat hududini qamrab oldi.
18 fevral kuni ommaviy o‘limga olib kelgan vaziyatning keskinlashuvi kuzatildi. Poytaxtda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar qayta boshlandi, bu yuzdan ortiq odamning, asosan noma’lum snayperlarning harakatlari tufayli halok bo‘lishiga olib keldi.
Bundan tashqari, 21 fevral kuni G‘arb davlatlarining bosimi ostida o‘sha davrdagi Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich yon berib, muxolifat bilan Ukrainadagi inqirozni hal qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Unda ko‘ra, 2004 yilda o‘zgartirilgan Konstitutsiyaga qaytish, milliy birlik hukumatini shakllantirish va 2014 yil dekabridan kechiktirmay muddatdan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni nazarda tutilardi.
Shu kuni Yanukovich Kiyevni tark etdi va Ukraina prezidentining vazifalari 23 fevral kuni Oliy Radaning yangi raisi Aleksandr Turchinovga yuklandi.
Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Yevromaydan”dagi voqealar davomida 2442 kishi, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 721 nafar xodimi jarohatlangan.
Shundan beri har yili 21 noyabrda Ukraina milliy bayrami – Qadr-qimmat va erkinlik kuni nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, bu galgi Qadr-qimmat va erkinlik kunida Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel, Moldova Prezidenti Mayya Sandu va Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pastorius Ukrainaga kelgan edi.
LiveBarchasi