Ukrainadagi bir guruh o‘zbekistonlik talabalar Prezidentdan yordam so‘rayapti

Jamiyat

Butun dunyoda pandemiya avj olgan bir vaziyatda xalqaro aviaaloqalar deyarli to‘xtab qolgani sababli Ukrainaning Dnepr shahrida qolib ketgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yordam so‘rab, murojaat qildi.

Dnepropetrovsk tibbiyot akademiyasida o‘quvchi va uning bitiruvchi kurs talabalari Prezidentga murojaatida pasport muddati tugagani sababli muammolar yuzaga kelayotganini aytgan.

“Assalomu alaykum hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev. Biz Ukraina Respublikasi Dnepr shahri Dnepropetrovsk tibbiyot akademiyasi talabalari va bitiruvchilari O‘zbekistonga qaytish uchun amaliy yordam berishingizni so‘rab murojaat qilyapmiz.

Hozirgi pandemiya holatida vaziyatni to‘g‘ri tushunamiz, butun dunyoda ahvol og‘ir. Lekin bu yerda ham asosan biz bitiruvchilarning pasport muddatlarimiz tugaganligi sababli, turli muammolarga duch kelyapmiz”, deydi talabalardan biri.

Murojaatda talabalarning hujjatida muammosi bo‘lgani va o‘qishni tamomlayotgani sababli yotoqxonadan ham chiqarib yuborishmoqchi ekanligi aytilgan.

“Shu bilan birga, bizning hujjatlarimizning muddati tugaganligi sababli, yotoqxonadan chiqarib yuborishmoqchi. Shularni hisobga olib, ota-onalarimizni o‘ylagan holda yordam berishingizni iltimos qilgan bo‘lardik.

Safimizda birinchi bosqichdan beshinchi bosqichgacha bo‘lgan talabalar mavjud. O‘qishni qayta tiklash va ko‘chirish masalalarini ko‘rib chiqib bizga yordam berishingizni so‘raymiz.

Biz ham Vatanimiz, oilamiz bag‘riga qaytishni xohlaymiz. Biz uchun charter reys tashkil qilib berishingizni iltimos qilamiz”, deydi talabalar.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelgach, joriy yilning mart oyi oxirida aeroportlar yopilib, xalqaro parvozlar to‘xtatildi. Natijada bir necha million o‘zbekistonlik xorijda qolib ketdi. 

O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan xorijdagi fuqarolarni qaytarish uchun charter reyslar yo‘lga qo‘yilyapti. 

Bugungacha “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va xorijiy aviakompaniyalar orqali 170 dan ortiq charter reys amalga oshirildi. Ularda 32 mingdan ortiq fuqaro xorijdan olib kelindi. Rossiyadan 2184 nafar fuqaro temir yo‘l orqali, shuningdek, O‘zbekiston chegarasiga to‘plangan 51 mingdan ortiq fuqaro avtobus orqali Vatanga qaytarilgan. Rossiyada tahlis oluvchi o‘zbekistonlik talabalar ko‘pligi bois ular uchun alohida reyslar tashkil qilinib, 4 mingdan ortiq fuqaro olib kelingan. Ular karantin zonasiga joylashtirilib, 14 kundan so‘ng uyiga ketgan.

Charter reyslarning asosiy qismi Rossiya shaharlariga amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Turkiya, Janubiy Koreya, BAA, Hindiston, Belarus, Isroil, Germaniya, AQSH, Latviya va boshqa davlatlarga charter reyslar yo‘lga qo‘yildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaga bir marotaba charter reys amalga oshirilgan.

Respublika maxsus komissiyasi Ukrainada boshpanasiz qolishi mumkin bo‘lgan talabalarning murojaatini ham be’tibor qoldirmaydi degan umiddamiz.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik Ukraina

Baholaganlar

131

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing