Ukrainada Shvetsiyaning CV-90 zirhli jangovar mashinalari ishlab chiqariladi
Olam
−
19 avgust 2023
4909Shvetsiya va Ukraina Kiyevni keyingi qo‘llab-quvvatlash asoslarini belgilovchi hujjatni imzoladilar. U CV-90 piyoda jangovar mashinasi bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga oladi. Bu haqda Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson Harpsund yozgi qarorgohida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bir necha daqiqa oldin Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Gap CV-90 piyoda askarlarining jangovar mashinasi bo‘yicha hamkorlik haqida bormoqda”, degan Bosh vazir.
Prezident Zelenskiy ham buni tasdiqlagan. U Ukrainada ishlab chiqarilgan birinchi jangovar mashinalar imkon qadar tezroq “maydonga chiqishi” uchun hamma narsa qilishini aytgan.
“Bizning jangchilarimiz CV-90 ni juda ko‘p maqtashadi. Ular nafaqat bu mashinalar yigitlarni oldinga siljitayotgani uchun, balki CV-90 ularning hayotini saqlab qolishga yordam bergani uchun ham minnatdor. Hayot eng qimmatli narsadir”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy Bosh vazir bilan yana bir kuchli shved mashinasi –Gripen samolyoti haqida gaplashganini aytgan. Uning aytishicha, ukrainalik uchuvchilar ishtirokida Gripen’ning sinovlari allaqachon boshlangan.
Qayd etilishicha, hozirda Shvetsiya harbiy yordamining yangi, 13-paketini topshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ushbu paket havo mudofaasi va jangovar transport vositalari uchun o‘q-dorilar, zirhli transport vositalari uchun ehtiyot qismlar, minalardan tozalash uchun uskunalarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Shvetsiyaga Bosh vazir Ulf Kristerssonning taklifiga binoan kelgan. Tashrif davomida Zelenskiy parlament spikeri, partiya yetakchilari va bosh qo‘mondon bilan ham uchrashuvlar o‘tkazadi. Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti va uning rafiqasi Yelena Zelenskaya Stenhammar saroyida qirol va qirolicha bilan uchrashadi.
LiveBarchasi