Ukrainada qo‘lga tushgan “harbiy”lar o‘zbekistonlikmi? O‘zbekiston elchixonasi Ukraina TIVga nota yubordi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadagi urushga Rossiyaga ishlash maqsadida borgan o‘zbekistonliklar jalb qilinayotgani, ulardan ikki nafari Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan qo‘lga tushgani aks etgan video tarqaldi. Unda yigitlardan biri o‘zini samarqandlik ekanini aytgan. 

Jamoatchilik orasida katta bahs-munozaralarni keltirib chiqargan ushbu video bo‘yicha O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga nota yubordi. Bu haqda elchixona saytida xabar berildi. 

“Ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan ushbu mamlakat hududida jang qilgan go‘yoki ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olingani aks etgan video tarqalmoqda. 

Shu munosabat bilan batafsil va ishonchli ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yubordi”, deyiladi xabarda. 

Elchixona ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video bo‘yicha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni va keyinroq e’lon qilinadigan barcha holatlarning yakuniy oydinliklarini kutishni so‘ragan. 

Ma’lumot o‘rnida, tarmoqda tarqalgan videoda yuzi ko‘rinmagan erkaklardan biri o‘zini Samarqand viloyatidan ekanini aytgan.

“Moskvada qurilishda ishlardim. Hujjatlarim yo‘q edi, shu holatda 5 yil ishlab kelayotgandim. Meni bu yerga majburlab yuborishdi. Bu yerga kelishni xohlamagandim. Kelishga majbur bo‘ldim. Kechiringlar meni. Biz kelgan mashinada besh kishi bor edi. Komandirning ismini bilmayman. O‘tgan kecha tunagan joyimni aniq bilmayman”, deydi u.

Ana bir yigit esa o‘zini Samarqanddan Muhriddin Ahmedov deb tanishtirgan. 

“Yoshim yigirma ikkida. Hech qayerda xizmat qilmaganman. “Redut” xususiy harbiy kompaniyasiga minomyotchi bo‘lib yollanganman. To‘g‘risi, qayerdan kelayotganimizni ham, qayerga borayotganimizni ham bilmayman. Bizni bu yerga “KamAZ”da olib kelishdi. Yonimda O‘zbekistondan yana bir yigit bor edi. Rossiyada o‘qirdim, pul kerak bo‘lgani uchun xususiy harbiy kompaniyaga yollangandim”, degan u. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

2078

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing