Ukrainada deputat qishloqdagi yig‘ilish paytida granata portlatdi (video)
Olam
−
15 dekabr 2023
13249Ukrainalik deputat Zakarpatiyadagi Keretskovskiy qishloq kengashi yig‘ilishida uchta granatani portlatib yubordi. Voqea aks etgan to‘liq videoni “Strana” nashri e’lon qildi.
Kadrlarga qaraganda, deputat kichkina xonaga kirib, bahslashayotgan yig‘ilish ishtirokchilarining gapini bo‘lib, bir necha bor “Mumkinmi men..?” deya so‘z navbati berishlarini so‘ragan. Javob bo‘lmagach cho‘ntagidan uchta granatani chiqarib, yig‘ilganlar oldiga tashlagan.
E’tiborlisi bahslashayotganlar uning harakatlariga hech qanday "reaksiya" bildirmagan, ehtimol, ular granatalarning haqiqiyligiga ishonmagan. Shundan so‘ng, portlash ovozi eshitilgan.
Ukraina Milliy politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 26 kishi jabrlangan, ulardan olti nafarining ahvoli og‘ir. Granatalarni portlatgan shaxs ham og‘ir yaralangan va u ayni paytda jonlantirish bo‘limida.
“Strana” gazetasining yozishicha, granatalarni portlatgan shaxs 54 yoshli Sergey Batrindir. Xabarlarga ko‘ra, u Kushnitsa qishlog‘ida yashaydi. U Zelenskiyning “Xalq xizmatchisi” partiyasi a’zosi.
Deputat nega bunday qilganining sababi hozircha noma’lum.
Mahalliy nashrlarning ma’lum qilishicha, Keretskovskiy qishloq kengashi tarkibiga 26 deputat kiradi – portlashdan ham aynan shuncha odam jabrlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qurol bilan noqonuniy muomala qilish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Shuningdek, boshqarma voqea terrorizm moddasi bo‘yicha tergov qilinayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning yordamchisi Gennadiy Chastyakov Kiyev viloyatining Chayki qishlog‘idagi uyida granata portlashi oqibatida halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi