Ukraina jangovar innovatsiyalar bo‘yicha dunyoda yetakchi – kanadalik mulozim
Olam
−
10:41 967 2 daqiqa
Kanada Mudofaa shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, iste’fodagi vitse-admiral Mark Norman Ukraina jangovar innovatsiyalar bo‘yicha dunyoda yetakchi ekanini aytdi. Bu haqda u “Ukrinform” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Ukraina hali ham jangovar innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. U nafaqat texnologiyada, balki ularni qo‘llash taktikasida ham yetakchilik qilmoqda. Barchamiz o‘rganadigan narsalar bor”, degan Norman.
Uning ta’kidlashicha, kelajakda an’anaviy va noan’anaviy harbiy imkoniyatlarni bir-biridan ustun qo‘ymasdan, parallel ravishda rivojlantirish va ularni birgalikda qo‘llash muhim.
“Kelajak yo‘li – an’anaviy va noan’anaviy imkoniyatlarni parallel ravishda rivojlantirishdir. Ular birgalikda integratsiya qilinishi va rivojlantirilishi kerak. Hech bir imkoniyatning o‘zi g‘alaba keltirmaydi va biz Ukrainadagi front chiziqlarida aynan shuni ko‘rmoqdamiz”, degan kanadalik vitse-admiral.
Norman, shuningdek, Ukraina Rossiyaning Qora dengiz flotini asosan dengiz dronlari va raketalari yordamida ortga surganini qayd etgan. Uning fikricha, bu holat asimmetrik yondashuv samarali ekanini ko‘rsatadi.
“Birinchi dars: kuch jihatdan ustun raqibga qarshi noan’anaviy usullardan foydalanish g‘alabaga olib kelishi mumkin. Ikkinchi dars: biz an’anaviy dengiz kuchi deb o‘ylagan narsaning haqiqiy zaif tomonlari bor”, degan u.
Ukrainaning kelajakdagi harbiy salohiyati haqida gapirar ekan, Norman boshqariladigan va uchuvchisiz tizimlarni birgalikda rivojlantirish muhimligini ta’kidlagan. Uning fikricha, Ukraina aynan shu yo‘nalishda yetakchi bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Yevropa Komissiyasiga Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevrolik kreditidan mudofaa tizimlarini, jumladan, raketalarga qarshi mudofaa vositalarini sotib olish uchun foydalanishni taklif qilgandi.
Live
Barchasi