Ukraina va Gruziya NATOga a’zo bo‘ladi. Bosh kotib Rossiyaning aralashishga haqqi yo‘qligini aytdi 

Olam

image

Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) Ukraina va Gruziyani ittifoqqa kiritishga qaror qildi. Biroq ularning kirish sanasi hali belgilanmagan. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qilgan.  

“Ukraina a’zolik uchun ariza topshirgan va biz uning islohotlarini qo‘llab-quvvatlab, Qurolli kuchlarni o‘z standartlarimizga muvofiq modernizatsiya qilishga yordam berib, bu borada ishlashga qaror qildik. 2008 yilda biz Ukraina va Gruziya NATO a’zosi bzlishiga qaror qildik, biroq aniq qachonligini aniqlamadik”, degan Stoltenberg. 

U NATOga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslikni faqat Ukraina hal qilishi kerakligini ta’kidlab, Rossiya Federatsiyasining bu masalaga aralashishga haqqi yo‘qligini ta’kidlagan. 

“Ukrainaga yordam — hozirda islohotlar kun tartibida. Takror aytaman: gap Rossiya agressiyasida. Ular Ukrainaning bir qismini — Qrimni ishg‘ol qildi, separatistlar ko‘magida Donbassni nazorat qildi, endi esa bizni milliy suverenitetni buzadigan qonuniy majburiy shartnomani qabul qilishga majburlamoqchi”, degan Stoltenberg. 

Kecha, 13 yanvar kuni Venada Rossiya va NATO davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va Moskvaning Ukraina chegarasida qo‘shin to‘plagani kun mavzusi sifatida muhokama qilindi. Natijada Rossiyaning AQSH va NATO bilan o‘tkazgan so‘nggi muzokaralari ham muvafaqqiyatsiz yakunlandi. 
G‘arb vakillari Moskvaning Ukraina chegarasidagi xatti-harakatlari ortidan Yevropa xavfsizligiga tahdid tug‘ilishidan xavotirda ekanini ma’lum qilgan. Rossiya Ukrainaga hujum qiladigan bo‘lsa, uni jiddiy oqibatlar kutib turgani haqida ogohlantirilgan. Moskva Ukrainaga nisbatan ehtimoliy hujumlar haqidagi fikrlarni inkor qilgan va NATOni mintaqada vaziyatni izdan chiqarganlikda ayblamoqda.  

So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida da’volar ilgari surilmoqda. Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, u bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirgan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Ukraina

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing