Ukraina O‘zbekiston ishtirokidagi bitimdan chiqdi
Olam
−
23 yanvar
18771Ukraina MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashda o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi bitimdan chiqdi. Bu haqda Ukraina hukumatining Oliy Radadagi vakili Taras Melnichuk ma’lum qildi.
“Ukraina Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashda o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqdi”, deb yozdi u Telegram-kanalida.
Qayd etish joizki, mazkur hujjat Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina tomonidan 1992 yil 24 aprelda Olmaota shahrida imzolangan va shu kunning o‘zida kuchga kirgan.
Ma’lumot uchun, Ukraina hukumati muntazam ravishda Rossiya, Belarus, Suriya, shuningdek, MDH doirasida tuzilgan shartnomalardan chiqishini e’lon qilib kelmoqda. Xususan, Ukraina o‘tgan yil oxirida MDHning bilvosita soliqlarni undirish bo‘yicha kelishuvidan, shu oy boshida esa MDH doirasida 1996 yilda tuzilgan hujjatli shifrlangan aloqalar tizimi haqidagi kelishuvdan chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabrida Ukraina MDH davlatlarining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish haqidagi kelishuvidan hamda madaniy o‘simliklarning genetik resurslarini saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqqandi.
LiveBarchasi