Ukraina urushga tortilishi mumkin. Putin DXR va LXR chegarasi bo‘yicha nizoli javob berdi

Olam

image

Moskva o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari chegaralarida tan oladi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.  

“Biz ularni tan oldik, bu ularning barcha asosiy hujjatlarini, jumladan konstitutsiyani ham tan oldik degani. Unda Donetsk va Lugansk viloyatlari Ukrainaning bir qismi bo‘lgan paytdagi chegaralar belgilab qo‘yilgan edi. Ammo biz barcha munozarali masalalar Kiyevning amaldagi hukumati va ushbu respublikalar rahbariyati o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida hal bo‘lishini kutamiz”, degan Putin Federatsiya Kengashi unga armiyadan xorijda foydalanish uchun ruxsat berganidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

RF rahbari tan olingan respublikalarga qo‘shin kiritish haqidagi savolga ham javob bergan.

“Xorijda qurolli kuchlardan foydalanishga kelsak, bu haqda nima deyish mumkin? Albatta, biz kecha kelishuvlarni imzoladik. DXR bilan ham, LXR bilan ham ushbu kelishuvlarda biz bu respublikalarga tegishli, jumladan, harbiy yordam ko‘rsatamiz, degan tegishli bandlar bor”, degan Putin jurnalistlar savollariga javob berar ekan. 

Avvalroq Federatsiya Kengashi Putinning Rossiya qo‘shinlaridan xorijda foydalanish bo‘yicha murojaatini ko‘rib chiqqan va bunga rozi bo‘lgan edi. 

Shuningdek, kecha, 22 fevral kuni Rossiya parlamentining ikki palatasi DXR va LXR bilan do‘stlik shartnomalarini ma’qulladi. 

Chegaralar masalasi 

Qayd etish kerakki, DXR va LXR Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarining butun hududiga da’vo qilsa ham, aslida ularning kichikroq qismini nazorat qiladi. 

22 fevral kuni tushdan keyin Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko “Rossiya DXR va LXRni respublikalar rahbariyati o‘z vakolatlari va yurisdiksiyasini amalga oshiradigan chegaralar doirasida tan olishini” aytgandi. Federatsiya Kengashining xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Klimov ham Rossiya LXR va DXRni amalda o‘rnatilgan chegaralar doirasida tan olishini aytgandi. Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa vaziyatni murakkablashtirgan. 

Jurnalistlarning DXR va LXR chegaralari qaysi nuqtada nazarda tutilgani haqida so‘raganida, u shunday javob bergan: 

“Bu ikki respublika o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan chegaralarda”. 

Shu bilan birga, Peskov qo‘shimcha qiladigan hech narsasi yo‘qligini aytib, boshqa tafsilotlarga aniqlik kiritishdan bosh tortgan. 

BBC’ga ko‘ra, Rossiya LXR va DXRni qanday chegaralarda tan olishi o‘ta muhim hisoblanadi. Respublikalarning “qonunchiligi”da ularning chegaralari Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlari chegaralari ekanligi qayd etilgan. Tan olinmagan respublikalar rahbarlari bu viloyatlar hududlarining faqat uchdan bir qismini ajratib olgan. “Tutashuv chizig‘i” Donbassning nazorat ostidagi va nazoratsiz qismlarini ajratib turadi. 

Keyingi voqealarning rivojlanishi mantig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya DXR va LXRni aynan qaysi chegaralarda tan olganiga bog‘liq. Agar “tutashuv chizig‘ida” bo‘lganda, unda Donbassdagi vaziyat umuman o‘zgarmasdi — hech bo‘lmaganda Kiyev uchun. U ilgari bu hududlarni nazorat qilmagan, hozir ham qilmaydi. Agar Rossiya ularning butun Donetsk va Lugansk viloyatlariga — Kramatorsk, Mariupol, Lisichansk va Starobelskga bo‘lgan huquqini tan olsa va imzolangan do‘stlik shartnomasiga muvofiq, bu hududlarni “qaytarish” uchun yordam berish harakatini boshlaydi, bu esa tayyor eskalatsiya ssenariyi bo‘ladi. 

Putinning tinchliksevar ohangdagi so‘zlari — chegara masalasini Kiyev DXR va LXR rahbariyati bilan muhokama qilib hal qilishi mumkinligi haqidagi gaplari chalg‘itmasligi lozim. Ukraina bunday muzokaralarga bormaydi. Bu Donbassda navbatdagi katta urush boshlanishi mumkinligini bildiradi. 

Diplomatik munosabatlar 

22 fevraldan boshlab Rossiya DXR va LXR bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.

“Shu kundan boshlab Rossiya Federatsiyasi va Donetsk xalq respublikasi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Lugansk xalq respublikasi o‘rtasida elchixonalar darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida kelishuv tuzildi”, deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina Donbass

Baholaganlar

239

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing