Ukraina Saratovga dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
03 noyabr 2025 5352 2 daqiqa
Ukraina qo‘shinlari bugun, 3 noyabrga o‘tar kechasi Saratov viloyati hududiga dron orqali hujum uyushtirdi. Bu haqda bir qator Rossiyadagi Telegram-kanallar xabar berdi.
“SHOT” manbasiga ko‘ra, Saratov va Engels shaharlarida aholi havo hujumi sirenalarini eshitgan va havo mudofaa tizimlari ishlaganini xabar bergan. “ASTRA” kanali ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida “Rosneft” korporatsiyasiga tegishli Saratov neft qayta ishlash zavodi zarbaga uchragan.
Ukrain manbalar Telegram’da zavodga zarba berilgan lahzalarni aks ettiruvchi videoyozuvlarni tarqatdi. Monitoring loyihalari Dnipro Osint va Exilenova+ xabariga ko‘ra, hujum oqibatida zavodning AVT-6 qurilmasi atrofida yong‘in chiqqan. Yana bir dron pentan-geksan fraksiyasini izomerizatsiya qilish qurilmasini urishga uringan, ammo antidron to‘ri uni to‘xtatgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kechasi Saratov viloyatida 29 ta, Rostov viloyatida ham shuncha dron yiqitilgan. Volgograd viloyati osmonida 4 ta, Belgorod va Stavropol hududlarida esa bittadan dron aniqlangan.
Saratov viloyati hokimiyati hujum xavfi tufayli havo hushyorligini e’lon qilgan, ammo hozircha zarar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot bermagan.
“Saratov aeroportida parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan, ammo hozirda faoliyat odatiy holda davom etmoqda”, dedi Rosaviatsiya vakili Artyom Korenyako.
Bu hujum kuz mavsumi boshlanganidan beri zavodga qilingan to‘rtinchi zarba bo‘lishi mumkin. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, zavod avvalroq 16 oktyabr, 20 sentyabr va 16 sentyabrda ham hujumga uchragan.
Saratov neft qayta ishlash zavodi benzin, dizel yoqilg‘isi, mazut va 20 dan ortiq turdagi neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Ukraina Bosh shtabiga ko‘ra, ushbu korxona Rossiya qurolli kuchlarining ehtiyojlarini ta’minlashda ishtirok etmoqda.